07:59 / 10.09.2020
5003
Toshkent viloyatidagi sport maktabi binosida marixuana qovurayotgan shaxslar ushlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning 5 sentabr kuni soat 23:30da, IIB va Milliy gvardiya xodimlari o‘zlariga biriktirilgan Toshkent viloyati Chirchiq shahri O‘zbekiston ko‘chasida tungi xizmatni olib borayotgan vaqtlarida, mazkur hududdagi “Bolalar va o‘smirlar sport maktabi” binosidan o‘ziga xos hid taralayotganligini bilib, tekshirish maqsadida bino xonasiga kirishgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, xonada maktabning qorovuli bo‘lib ishlovchi 38 yoshli T.B. va 29 yoshli D.O. elektr plitasi yordamida oshxona qozonida o‘ziga xos modda qovurayotganliklari aniqlanib, bu haqda shahar IIBga xabar berilgan.

Mazkur xabar asosida tergov-tezkor guruhi tomonidan hodisa joyini ko‘zdan kechirish davomida, xonada bo‘lgan televizor korobkasi va yog‘och fanera ustidagi yoyib qo‘yilgan yashil rangdagi, o‘ziga xos hidli modda, 4 dona gugurt qutisi va 2 dona 0.5 litr hajmdagi bankalarda quritilgan modda hamda chekish uchun maxsus moslama aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga qo‘ra, T.B.dan olingan o‘simlik tup gullari va barglaridan tashkil topgan, ho‘l holdagi tarkibida faol giyohvand modda, tetrogidrokannabinol mavjud bo‘lgan o‘simlik bo‘lib, bu modda “marixuana” deb atalishi va ularning sof og‘irligi jami 5.7 kg.ni tashkil qilishi aniqlangan.

Bundan tashqari, hodisa joyidan olingan ikki dona baklajka, 1 dona shisha idish va qopqoq (angishvona)da faol giyohvand modda, tetrogidrokannabinol yuqlari mavjudligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahri IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida aniqlanishicha majmua qorovuli T.B. ushbu kuni giyohvandlik vositasini iste'mol qilish uchun o‘zining tanishi D.O.ni sport maktabi hududiga chaqirganligi aniqlangan.

Hozirda T.B. jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan. Tergov jarayonida har ikkala fuqaroning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi ta'minlanadi.

Top