01:33 / 11.09.2020
4440
Asossiz oshirilgan narxlar, terminallar yo‘q, muddati o‘tgan mahsulotlar - sirdaryolik iste'molchilar e'tirozi

2020 yil 10 sentyabr kuni Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tashkil etilganligiga 1 yil bo‘lganligi munosabati bilan Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanini agentlikning viloyat hududiy boshqarmasi rahbari Qomus Yuldashev olib bordi va agentlikning vazifalari, o‘tgan 1 yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

O‘tgan bir yil mobaynida agentlikka jami 400 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlar asosan shikoyat mazmunida bo‘lib, ularning 64 tasi Markaziy apparat veb sayti orqali, 9 tasi agentlik rahbariyati tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullarda, 97 tasi hududiy boshqarma sayyor qabulida, qolgan 151 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududiy boshqarmaning ishonch telefoni hamda boshqa tashkilotlar orqali kelib tushgan. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra 300 mln so‘mga yaqin mablag‘lar iste'molchilar foydasiga undirib berilgan.

Sohalar kesimida tahlil qilinganda: kommunal sohalar bo‘yicha jami 228 ta, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida jami 99 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib aksariyati iste'molchilar foydasiga ijobiy hal etilgan.

Fuqarolardan asosan, dorixonalarda narxlarning asossiz oshirilishi, savdo shoxobchalarida terminallarning yo‘qligi, muddati o‘tgan mahsulotlarning sotilishi, kommunal korxonalarida esa tuzilgan shartnomalarning korxonalar tomonidan bajarilmasligi yuzasidan shikoyatlar tushgan.

Reklama sohasini tartibga solish yuzasidan Agentlik tomonidan barcha tuman va shaharlarda ishchi guruhlar tashkil etilib, viloyatdagi 320 ga yaqin tashqi reklama konstruksiyalari vositalari xatlovdan o‘tkazilgan.

Agentlik va hududiy boshqarmasi tomonidan OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan reklamalarning qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan doimiy monitoring ishlari olib borilmoqda. Natijada, telegram kanallari va internet tarmoqlaridagi 100 dan ortiq noqonuniy reklamalar (spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari, biologik dori vositalari) ijtimoiy tarmoqlardan olib tashlangan.

Tadbir so‘ngida faol bloger va jurnalistlarga Agentlik tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuhrat Yunusov, Kun.uz muxbiri.

Top