11:52 / 12.09.2020
2130
O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish qoidalari tasdiqlandi

O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan, metrologik attestatsiyadan, qiyoslash va kalibrlashdan, shuningdek sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalari tasdiqlandi.
 
Ma'lumot uchun:

  • o‘lchash vositalari – o‘lchash uchun mo‘ljallangan va normal metrologik xususiyatga ega bo‘lgan texnik vositalar;
  • sinov vositalari – sinovdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan, normal texnik xususiyatlarga ega bo‘lgan texnik qurilma, buyum va (yoki) materiallar.

Norma’ning yozishicha, oktyabrdan «Metrologiya to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri kuchga kiradi, unga muvofiq:

  • metrologik attestatsiya bir birlikda ishlab chiqarilgan yoki O‘zbekistonga bir birlikda import qilingan o‘lchash vositasining xususiyatlarini tekshirish asosida uni qo‘llashga yo‘l qo‘yilishi mumkinligini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi, sinov vositalariga nisbatan esa – ularning normal texnik xususiyatlari texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash uchun o‘tkaziladi;
  • kalibrlash ma'lum sharoitlarda, o‘lchash vositasi yordamida olingan kattalik qiymati va etalon bilan qayta tiklanadigan tegishli kattalik qiymati o‘rtasidagi nisbatni aniqlash orqali o‘lchash vositalarining metrologik tasniflarini aniqlashga imkon beradi;
  • qiyoslashda o‘lchash vositalarining belgilangan metrologik talablarga muvofiqligi tekshiriladi va tasdiqlanadi.

Barcha ishlar akkreditatsiyalangan metrologiya xizmati tomonidan manfaatdor yuridik yoki jismoniy shaxslarning arizasiga asosan bajariladi, arizaga o‘lchash yoki sinov vositasi hamda tegishli hujjatlar ilova qilinadi. Ariza beruvchi va ijro etuvchi o‘rtasida shartnoma tuziladi, shu jumladan elektron shaklda tuzilishi ham mumkin. Ariza beruvchi tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq ishlar uchun haq to‘laydi.
 
Taomillar tasdiqlangan sxemalarga muvofiq bosqichma-bosqich amalga oshiriladi (sxemalarga quyida keltirilgan havolalardan o‘tib kirish mumkin). Har bir keyingi bosqichga avvalgi bosqichda ijobiy natijalarga erishilgandan keyin o‘tiladi. Quyidagi asosiy jihatlarga e'tibor qaratamiz:  

a) o‘lchash vositalarini davlat sinovidan o‘tkazishda taqdim etilgan hujjatlar metrologik ekspertizaga beriladi va ekspert xulosasi rasmiylashtiriladi. Davlat sinovidan o‘tkazish davomiyligi ayrim holatlar istisno qilingan holda 25 kundan oshmasligi lozim.

Bu jarayonda tasdiqlangan o‘lchash vositasi turlarini qiyoslashdan o‘tkazish uslubiyatining sinovdan o‘tkazish va eksperimental namuna olish dasturiga muvofiq eksperimental tadqiqot o‘tkaziladi va natijalar qayta ko‘rib chiqiladi.

Natijalar bo‘yicha o‘lchash vositasi tasdiqlanadi va reyestrda ro‘yxatdan o‘tkaziladi, so‘ngra o‘lchash vositasi turining ta'rifi hamda o‘lchash vositasi turini tasdiqlash to‘g‘risidagi sertifikat rasmiylashtiriladi. Sertifikatning amal qilish muddati 5 yilni tashkil etadi, ushbu muddat tugagach esa sertifikatning amal qilish davrida ishlab chiqarilgan mazkur turdagi o‘lchash vositasi qiyoslashdan o‘tkazilishi lozim, bundan keyin o‘tkaziladigan qiyoslash esa ular reyestrga kiritilgandan so‘ng amalga oshiriladi;

b) metrologik attestatsiya:

  • o‘lchash vositalari bo‘yicha – o‘tkazish davomiyligi ayrim holatlarni istisno etgan holda 10 kundan oshmasligi kerak. Natijalar bo‘yicha vosita reyestrda ro‘yxatdan o‘tkaziladi va sertifikat rasmiylashtiriladi. Sertifikatning amal qilish muddati qiyoslash oralig‘idagi intervallarga muvofiq belgilanadi. Sertifikatning amal qilish muddati tugagach qiyoslash o‘tkaziladi;
  • standart namunalar (buyum, materiallar) bo‘yicha attestatsiya ayrim holatlarni istisno etgan holda ko‘pi bilan 10 kun mobaynida o‘tkazilishi kerak. Natijalar bo‘yicha standart namuna reyestrda ro‘yxatdan o‘tkaziladi va amal qilish muddati 5 yildan iborat bo‘lgan sertifikat rasmiylashtiriladi. Vaqt o‘tishiga qaramay o‘zining turg‘un metrologik xususiyatlarini saqlab qolgan standart namuna uchun sertifikatning amal qilish muddati uzaytiriladi;
  • sinov vositalari bo‘yicha birlamchi, davriy, navbatdan tashqari, inspeksion va ekspert qiyoslash o‘tkaziladi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki sudlar topshirig‘iga ko‘ra). Natijalar ijobiy bo‘lganda sertifikat rasmiylashtiriladi;

v) o‘lchash vositalari birlamchi, davriy, navbatdan tashqari, inspeksion va ekspert qiyoslashdan o‘tkaziladi. Bular tasdiqlangan uslubiyatga muvofiq amalga oshiriladi. Natijalar bo‘yicha guvohnoma rasmiylashtiriladi;

g) o‘lchash vositalarini kalibrlash – shartnoma bo‘yicha to‘lov to‘langan kundan boshlab 10 kun mobaynida o‘tkaziladi. Natijalar bo‘yicha sertifikat rasmiylashtiriladi.
 
Hujjat 29.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Top