14:46 / 12.09.2020
18264
Samarqand shahridagi nizoli bino buzilmoqda

Samarqand shahri, Amir Temur ko‘chasidagi Samarqand davlat tibbiyot institutining 800 o‘rinli yangi barpo etilgan o‘quv binosi oldidagi sobiq qahvaxona binosi buzilishi boshlandi.

Samarqand shahar hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, bino shaharsozlik talabiga javob bermaydi. 2017 yilda mazkur hududdagi shaharsozlik talablariga mos kelmaydigan bino va inshootlar buzilishi hamda egalariga kompensatsiya to‘lovlari berilishi ko‘zda tutilgan.

Biroq, mazkur binoni buzish ishlari ancha vaqtdan buyon nizoli bo‘lgani sabab qoldirilib kelingan. Ish joriy yilning 3 iyun kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha shahar sudining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, da'vogar — shahar hokimligi foydasiga hal etilgan. Hokimlik, hamda Samarqand viloyat majburiy ijro byurosi ma'lumotlariga ko‘ra, javobgar, noturarjoy obektining egasi V.Elona ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lmaganligi sababli uning nomiga ochilgan hisob raqamga 640 million so‘m tovon puli o‘tkazib berilgan.

Holatga Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Farrux Ibragimov ham izoh berdi. Unga ko‘ra, mazkur bino Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining qarori bilan shahar majburiy ijro byurosi tomonidan buzilmoqda. Noturarjoy obektining egasi V. Elona ayni vaqtda xorijda bo‘lganligi sababli uning nomiga ochilgan hisob raqamga tovon puli o‘tkazib berilgan.

O‘zini V.Elonaning ishonchli vakili deb tanishtirgan shaxs, Maqsud Abdujabborov esa bino buzilishini xususiy mulkka tajovuz hamda noqonuniy deb bilishini ma'lum qilmoqda. Unga ko‘ra, Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish inspeksiyasi ruxsati bilangina ushbu bino buzilishi mumkin.

Shahar hokimligi mutasaddilari esa mazkur sobiq qahvaxona tarixiy bino hisoblanmasligi va bu bo‘yicha tegishli tashkilotlarning xulosalari mavjud ekanini aytmoqda.

Top