01:05 / 12.09.2020
9984

«Sotsialistik tuzumda o‘ylab topilgan huquqiy konstruksiya» - kontraktatsiya shartnomasi FKdan chiqarilmoqda

Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik huquqi kafedrasi mudiri Nurillo Imomov Kun.uz’ga bergan intervyusida yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasidagi ayrim yangiliklarga to‘xtaldi.

Fuqarolik kodeksiga kriptovaluta tushunchasi kiritilyapti

— Kriptovaluta – bu mol-mulk emas, mulkiy huquq sanalishini aytish lozim. Chunki bu yerda kriptovalutani sotib olgan odamga nisbatan muayyan miqdordagi haqni olish huquqi ta'minlanadi. Kodeks loyihasiga mazkur qoidalar ham kiritilyapti va bu hujjatli yoki hujjatsiz ko‘rinishdagi pulli majburiyatlar, mulkiy huquqlar sifatida loyihada aks ettirilyapti.

Kontraktatsiya shartnomasi kodeksdan chiqarib tashlanmoqda

— Kontraktatsiya shartnomasi sobiq ittifoq, ya'ni sotsialistik tuzum davrida o‘ylab topilgan huquqiy konstruksiya hisoblanadi. Ushbu shartnoma qishloq xo‘jaligida paxtachilik yoki boshqa davlat monopoliyasi o‘rnatilgan sohalarda fermer xo‘jaliklari bilan tuziladigan shartnoma sifatida saqlanib kelyapti.

Bu shartnoma bugungi kunda ko‘plab sohalarda davlat monopoliyasidan voz kechilayotgani munosabati bilan kodeksdan chiqarilib tashlanishi kerak. Qolaversa, to‘g‘ridan to‘g‘ri oldi-sotdi shartnomalari yoki forvard, fyuchers kontraktlari tuzish orqali ham amalga oshirish mumkin bo‘lgan munosabat hisoblanadi.

Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksida kontraktatsiya shartnomasiga oid bor-yo‘g‘i 3ta modda belgilangan bo‘lib, uning asosiy masalalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan alohida nizom bilan tartibga solinadi. Shu tufayli ham bugungi kunda kodeksda buni ifodalashga zarurat yo‘q va uni o‘z davrini o‘tab bo‘lgan shartnoma sifatida tasavvur qilyapmiz.

Davlat unitar korxonalarini kodeksdan chiqarib tashlash nazarda tutilyapti

— Kodeksda yuridik shaxslarni mezonlarga bo‘lishda ommaviy va xususiy yuridik shaxslarga ajratilishi kerak, Fuqarolik kodeksidagi yuridik shaxslarning tashkiliy-huquqiy shakli bevosita xususiy yuridik shaxslarga xos bo‘lishi kerak, degan fikr ilgari surilyapti.

Davlat tomonidan tashkil etiladigan yuridik shaxslar esa bevosita davlat nomidan harakatlanishi kerak va davlat fuqarolik huquqi sub'yekti bo‘la turib, u tashkil etadigan davlat unitar korxonalari kodeksda alohida aks ettirilishi shart emas, deb hisoblab, davlat unitar korxonalarini kodeksdan chiqarib tashlash ustida ishlayapmiz.

DUKlarni kodeksdan chiqarib tashlagan bilan endi bunday korxona bo‘lmas ekan, degan xulosaga bormaslik lozim. Davlat unitar korxonalarini o‘z faoliyatini yuritaveradi, ammo endilikda fuqarolik huquqining sub'yekti bo‘lgan davlat nomidan ish yuritadi.

Mavzuga oid:

Mavzuga oid
Top