O‘zbekiston | 17:18 / 29.05.2020
16306
11 daqiqa o‘qiladi

Yangi Fuqarolik kodeksi: opsion, uzufrukt va boshqa yangiliklar

Adliya vazirligi Fuqarolik kodeksining yangi tahriri loyihasini ishlab chiqmoqda. Kodeksni yangilash – 2019 yil aprelida tasdiqlangan fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida ko‘zda tutilgan edi.

Foto: adolatmarkazi.uz

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 1996 yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida katta o‘zgarishlarni fuqarolik-huquqiy tartibga solishda muhim rol o‘ynadi, bozor iqtisodiyoti rivojlanishiga huquqiy zamin yaratishga imkon berdi.

Shu bilan birga, mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichi iqtisodiyotni yanada liberallashtirishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk kafolatlari himoyasini kuchaytirish, tadbirkorlikning rivojlanishini rag‘batlantirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olingan.

Boshqacha aytganda, bugungi kunda real bozor iqtisodiyoti va ilg‘or xalqaro standartlar talablariga javob beradigan, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan zamonaviy fuqarolik kodeksini ishlab chiqish davr talabidir.

Yangi kodeksda qanday yangiliklar bo‘ladi

Bugungi kungacha tayyorlangan yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi bir tomondan Fuqarolik kodeksi moddalarini unifikatsiya qilish va tizimlashtirish choralarini, ikkinchi tomondan tadbirkorlik, shu jumladan xorijiy investorlar faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator yangiliklarni o‘z ichiga olgan.

Xususan, investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda mulkiy munosabatlar barqarorligini ta'minlash maqsadida xorijiy kompaniyalarga O‘zbekistonda o‘z filialini ro‘yxatdan o‘tkazib, hech qanday to‘siqlarsiz tadbirkorlik (xo‘jalik) faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini berish, mulk xususiy yoki davlatga tegishli bo‘lishidan qat'i nazar bir xil huquqiy himoya belgilash, Davlat reyestriga kiritilgan ma'lumotga ishonib mulkni sotib olgan mulkdordan, ilgarigi sotuvchi tomonidan qandaydir huquqbuzilishga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa-da mulk qaytarib olinmasligi hamda mulk huquqining himoyasini ta'minlashga qaratilgan boshqa yangi qoidalarni joriy etish nazarda tutilmoqda.

Ushbu yangi qoidalar xorijiy investitsiyalar miqdori yanada oshishiga xizmat qiladi. So‘nggi yillarda xorijiy investitsiyalar miqdori oshishi, xususan, 2019 yilda 2018 yilga nisbatan 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobarga ko‘p xorijiy investitsiyalar jalb qilinganining sabablaridan biri bu – iqtisodiyotni erkinlashtirish maqsadida qabul qilingan qonun hujjatlari deyish mumkin.

Shuningdek, mulk huquqi kafolatlarining mustahkamlanishi Jahon iqtisodiy erkinlik indeksi va boshqa xalqaro reytinglarga ham ijobiy ta'sir qilishi kutilmoqda. O‘zbekiston 2019 yilda Jahon iqtisodiy erkinlik indeksida Investitsiya erkinligi mezoni bo‘yicha – 100 balldan 10 ball, Mulk huquqi kafolati mezoni bo‘yicha – 49,8 ball olib, jami 180ta mamlakat orasida 140-o‘rinni egallagan edi.

Yana bir yangilik – fuqarolik qonun hujjatlarini virtual makon (internet)da vujudga keladigan munosabatlarga ham tatbiq etish, elektron yoki boshqa texnik vositalar yordamida tuzilgan bitimlarni yozma shaklga tenglashtirish, elektron aloqa vositalaridan foydalangan holda tovarlarni sotishning, raqamli pul (kriptovaluta) muomalasining asosiy qoidalari belgilanayotganidir.

Ma'lumot uchun: dunyoda elektron tijoratning chakana savdodagi ulushi o‘rtacha 16 foizni tashkil qiladi va har yili o‘sib bormoqda.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi loyihasiga quyidagi mazmunda bir qator yangi qoidalar kiritilmoqda:

1) yerga oid munosabatlarni rivojlantirish maqsadida yer uchastkasini faqat oldi-sotdi qilish orqali emas, balki qurilish qilish huquqi, uzufrukt (shaxsiy foydalanish va egalik qilish huquqi) kabi ashyoviy huquqlarning yangi turlari orqali iqtisodiy munosabatlarga kiritish qoidalarini joriy etish;

2) tadbirkorlik faoliyati uchun qulayliklar yaratish va ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish maqsadida:

– yuridik shaxslarni ommaviy huquq va xususiy huquq yuridik shaxslariga ajratish, xususiy huquq yuridik shaxslari barcha turdagi fuqarolik huquq va majburiyatlarga ega bo‘lishi mumkinligi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish uchun asoslar esa faqat qonun bilan belgilanishini, ommaviy yuridik shaxslar esa davlatning muayyan funksiyalarini bajarishi maqsadida tashkil etilishini mustahkamlab qo‘yish;

– tijorat tashkiloti bo‘lgan yuridik shaxslar tashkiliy-huquqiy shakllarining aniq ro‘yxatini belgilab qo‘yish, xo‘jalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korxona, operativ boshqaruv huquqiga asoslangan davlat unitar korxonasi kabi bozor iqtisodiyoti qoidalariga mos bo‘lmagan tashkiliy-huquqiy shakllardan voz kechish;

– tadbirkorlik faoliyatining alohida turlarini yakka tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan ham amalga oshirish qonun hujjatlari bilan nazarda tutilishi mumkinligi haqida qoida kiritish;

3) shartnomaviy munosabatlarni erkinlashtirish va xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish maqsadida:

– mamlakat iqtisodiyoti rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etishi mumkin bo‘lgan yangi shartnoma turlarini (turistik xizmatlar ko‘rsatish, distribyutorlik shartnomasi, agentlash, eskrou, opsion va boshq.) muomalaga kiritish;

– majburiy tartibda shartnoma tuzishni nazarda tutuvchi, shartnoma shartlarini taraflarga belgilab beruvchi normalarni chiqarib tashlash, standart shartnomaning halollik va ishonch tamoyillariga zid ravishda boshqa tarafning huquqlari va manfaatlarini buzadigan shartlarini haqiqiy emasligini belgilash;

– qarz, topshiriq va boshqa bir qator keng tarqalgan munosabatlar uchun og‘zaki shartnoma tuzilishiga imkon berish;

4) boy berilgan foyda, ma'naviy ziyonni hisoblash mezonlarini aniq belgilash;

5) sug‘urta munosabatlarida mijozlar huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida sug‘urta tashkilotini zararni qoplash majburiyatidan ozod qilish asoslarini kamaytirish, o‘zaro sug‘urtalash (mulkni va boshqa mulkiy manfaatlarni o‘zarolik asosida sug‘urta qilish) institutini rivojlantirish maqsadida o‘zaro sug‘urta jamiyatlariga investitsiya rezerv fondini tuzish, ustavda belgilangan tartibda investitsiya faoliyatini amalga oshirish huquqini berish;

6) fuqaroning tasviridan (fotosurat, videoyozuv va boshq.) uning roziligisiz foydalanilganda, uning shaxsiy va oilaviy hayoti to‘g‘risidagi har qanday axborot tarqatilganda fuqaroning himoyasini ta'minlash usullarini belgilash.

Albatta, loyihadagi shu kabi ko‘plab yangiliklar, ayniqsa tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liqlari amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etib boriladi. Chunki bu jarayon faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarga noqulayliklar tug‘dirmasligi va ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmasligi kerak.

Masalan, tijorat tashkiloti bo‘lgan yuridik shaxslarning ayrim tashkiliy-huquqiy shakllari bekor bo‘lishi ushbu shakllarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar darhol o‘z shaklini o‘zgartiradi degani emas. Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi kuchga kirgunicha tashkil qilingan yuridik shaxslar o‘z ta'sischilari ixtiyoriga ko‘ra hohlagan paytda yoki biror sabab bilan qayta tashkil etilganda yangi shaklga o‘tishi lozimligi belgilab qo‘yidishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bu masalalarni yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksini amalga kiritish to‘g‘risida qabul qilinadigan qonunda belgilab qo‘yish mumkin bo‘ladi.

Loyiha ishlab chiqish jarayoni

Fuqarolik kodeksining yangi tahririni tayyorlashda ish hajmi katta bo‘lishi inobatga olinib, eng avvalo, Idoralararo komissiya tomonidan fuqarolik qonunchiligini sohalarga bo‘lgan holda 8ta yo‘nalishda ishchi guruhlar tashkil etildi.

Ishchi guruhlarning namunaviy rejalari hamda fuqarolik huquqi sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish rejasi tasdiqlandi. Ishchi guruhlar tarkibiga 50 nafardan ortiq a'zo jamlandi. Bunda asosan ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy xodimlari va oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tajribali sudyalar va advokatlar, davlat idoralari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb qilindi.

Ishchi guruhlar a'zolari qariyb bir yildan buyon muntazam ravishda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutida yig‘ilib va masofadan turib ish olib bormoqda.

Xorijiy tajribadan foydalanish

Loyihani ishlab chiqishda Germaniya, Fransiya, Polsha, Rossiya, Pokiston davlatlaridan 20 nafardan ortiq ekspert-maslahatchilar xizmatidan foydalanilmoqda.

Toshkent shahrida ishchi guruhlar a'zolari hamda Germaniyaning Bremen universiteti professori Rolf Kniper, Germaniyaning Bremen yeri tuman sudining sobiq sudyasi, fuqarolik huquqi sohasidagi xalqaro ekspert Xaynrix Shnitger, Polsha fuqarolik huquqi bo‘yicha ekspert, dotsent Andrjyey Filipovich, shuningdek fuqarolik huquqi bo‘yicha taniqli o‘zbek olimlari ishtirokida xalqaro davra suhbatlari o‘tkazildi.

Bundan tashqari, 12 nafar o‘zbekistonlik ekspertlar bevosita Fransiya, Polsha, Rossiya davlatlariga borib o‘rganishlar o‘tkazdilar. Ushbu safarlar davomida Parij, Varshava, Moskva shaharlarida ushbu mamlakatlarning fuqarolik huquqi sohasidagi mutaxassislari ishtirokida davra suhbatlari tashkillashtirilib, amaldagi fuqarolik qonunchiligi muammolari, istiqbollari va yangi zamonaviy g‘oyalar atroflicha muhokama qilindi.

Moskvaga safar davomida, shuningdek, Fuqarolik kodeksining yangi tahirini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhlar a'zolari «Rossiya fuqarolik huquqi. Yil natijalari» IX Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etdilar hamda O‘zbekistonda fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish borasidagi ishlar haqida ma'lumot berdilar.

Loyiha muhokamasi davom etmoqda

Bugungi kunda dastlabki loyiha qo‘shimcha fikr va mulohazalar olish maqsadida mamlakatimiz vazirlik va idoralariga, huquqiy sohadagi oliy ta'lim, ilmiy-tadqiqot muassasalariga, advokatlar va notariuslar palatalariga yuborilgan.

Kodeks loyihasi aholidan, soha mutaxassislari va tashkilotlardan kelib tushadigan takliflar asosida yanada takomillashtiriladi.

Hozirgi kunda yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi qabul qilinishi asnosida amaldagi boshqa qonunlar va qonunosti hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilishi bilan bog‘liq tegishli qonun hujjatlarining loyihalari ham tayyorlanmoqda. Bu jarayonda o‘zgartiriladigan qonunlarning o‘zi 20tadan ortiq bo‘lib, qonunosti hujjatlar soni esa bundan ham ko‘pdir.

Ko‘rinib turibdiki, hali bu sohada qilinadigan ishlar juda ko‘p va ular albatta oxiriga yetkaziladi.

A'zam Madaminov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori

Mavzuga oid