16:22 / 15.09.2020
8873
O‘zbekiston AQShga 10 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qila boshlaydi

O‘zbekistonda yetishtirilgan bir qator qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini AQSh bozorida sotish uchun ruxsatnoma olindi. Bu haqda «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

«Yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda, avvalo, ularning fitosanitar holati ijobiy bo‘lishi zamon talabi hisoblanadi. Sababi, xorijda sifatli, xavfsiz mahsulotga xaridor har doim topiladi. Buning uchun esa avvalo meva-sabzavotlar zararli organizmlardan xoli bo‘lishi darkor», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi tomonidan yurtimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun yangi bozorlarni ochishda amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, AQSh bozoriga kirish uchun mamlakatimizda yetishtirilgan bir qator qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha fitosanitar ruxsatnoma olindi.

«Amerikalik mutaxassislar tomonidan mamlakatimizning fitosanitar holati o‘rganilishi natijasida 10 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsuloti AQShga eksport qilinishi rasman tasdiqlandi. Bular – loviya, mosh, no‘xat, yeryong‘oq, bodom, grek yong‘og‘i, quritilgan uzum, o‘rik, olxo‘ri va anjir.

Tadbirkorlar endilikda yuqorida sanalgan mahsulotlarni AQSh ga eksport qilishlari mumkin», – deb ma'lum qildi «O‘zdavkarantin» matbuot xizmati.

Ta'kidlanishicha, tadbirkorlar mahsulotlarni fitosanitar toza holatda, karantin obektlarisiz, ya'ni O‘zbekiston imijiga salbiy ta'sir qiluvchi omillardan xoli tarzda yuborishlari maqsadga muvofiq. Fitosanitar holatni o‘rganish uchun inspeksiyaning istalgan hududiy boshqarmalariga, O‘simliklar karantini chegara maskanlarida o‘rnatilgan ishonch raqamlariga murojaat qilish mumkin.

«Shuningdek, yaqin vaqt mobaynida AQSh tomonidan qovun eksportiga ruxsat berilishi kutilmoqda. Bu bo‘yicha qovunning fitosanitar xavfi analizi yakunlanish arafasida turibdi.

Shuningdek, AQSh tomoni boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha qiziqish bildirib, ularning Amerika bozoridagi raqobatbardoshligi o‘rganilmoqda», – deya ma'lum qildi inspeksiya vakillari.

Eslatib o‘tamiz, shu oy boshida O‘zbekiston meva-sabzavotlarini Buyuk Britaniyaga eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.

Top