12:06 / 18.09.2020
1313
Ayrim tovar guruhlari pandemiya sharoitidan qat'i nazar o‘sish tendensiyasini ko‘rsatgan

Inflatsiyaning dinamikasi tahlili so‘nggi uch yil ichida ayrim tovar guruhlari pandemiya sharoitlaridan qat'i nazar, o‘sish tendensiyasini namoyish qilganini ko‘rsatdi. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi sharhida aytilgan.

Qayd etilishicha, bu, o‘z navbatida, joriy inflatsiya tendensiyasining asosan nomonetar xususiyatini belgilaydi. Bu yerda bir qator omillar ajratib ko‘rsatilgan.

Past darajadagi raqobatbardoshlik

Inflyatsion bosim mavjudligining muhim omillaridan biri raqobatbardosh bo‘lmagan sharoitda narxlarni erkinlashtirishdir, bu esa o‘z navbatida egiluvchan bo‘lmagan narx shakllanishi jarayonini vujudga keltiradi. Bu omil nafaqat tadbirkorlik sub'yektlariga salbiy ta'sir qiladi, balki tovar va xizmatlar bozorida bozor munosabatlariga erishishda to‘siq bo‘ladi. Bunday sharoitda narxlar iqtisodiy sikl bosqichlariga mos ravishda tebranishdan to‘xtaydi va faqat o‘sib boradi.

Ishlab chiqarish salohiyatining rivojlanmaganligi

Bunday omillarga, birinchi navbatda, ishlab chiqarish quvvatlarining qisqarishi va ulardan samarasiz foydalanilishni kiritish mumkin. Chunki ushbu omillar ishlab chiqarish samaradorligini pasayishiga sabab bo‘ladi va xarajatlarni oshiradi. Bunday sharoitda ilg‘or va yuqori texnologiyali uskunalarni joriy etish va ishlab chiqarishning tovar bozorlariga bog‘liqligini kamaytirish zarurati vujudga keladi. Bu o‘z navbatida, soliq imtiyozlarini berish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini rag‘batlantirish, investorlar huquqlarini himoya qilish va infratuzilma cheklovlari hamda ma'muriy to‘siqlarni kamaytirish orqali investitsiya siyosatini takomillashtirishni talab etadi.

Institutsional muhit

Va oxirgi muhim omil, bu xarajatlarning oshishiga va umuman ishlab chiqarish hajmining pasayishiga sabab bo‘ladigan mamlakatdagi institutsional muhitdir. Institutsional muhitni yaxshilash uchun tartibga solish tizimini optimallashtirish, ma'muriy islohotlarni amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, investitsiya muhitini yaxshilash hamda hududiy va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidagi muvofiqlikni ta'minlash orqali biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish orqali harakat qilish zarur.

Top