00:29 / 19.09.2020
7082
Bojxonachilar 10,5 mlrd so‘mlik «qo‘lqop» operatsiyasini fosh etishdi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari haqida axborot berdi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan bojxona to‘lovlardan qochish maqsadida yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklatura kodini noto‘g‘ri ko‘rsatish holatlarini fosh etish bo‘yicha doimiy ravishda chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tezkor xodimlar tomonidan «Chuqursoy texnik-idora» temir yo‘l chegara bojxona posti orqali yurtimizga olib kelingan, «Rezina qo‘lqoplar» tovarlari o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada konteynerlarda «Rezina qo‘lqoplar» o‘rniga, yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan umumiy qiymati 5 mlrd 125 mln. so‘mlik «Trikotaj qo‘lqoplar» borligi aniqlandi.

Natijada, 6 mlrd. 101 mln. so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.

Shuningdek, yana bir holatda mazkur postda xorijdan kelgan temir yo‘l konteynerlaridan yana biri ko‘zdan kechirildi. Natijada, konteynerlarda hujjatlarda ko‘rsatilgan «Rezina qo‘lqoplar» o‘rnida umumiy qiymati 5 mlrd 324 mln.so‘mlik «Trikotaj qo‘lqoplar» borligi fosh bo‘ldi.

Holat yuzasidan 6 mlrd. 454,56 mln. so‘m miqdorida qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Gazel» o‘rindiqlari orqasiga yashirilgan 88 mln. so‘mlik uyali aloqa vositalari fosh bo‘ldi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «Navoiy» chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro Yu.A. boshqaruvidagi «Gazel» rusumli avtotransport vositasi o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, avtomashina o‘rindiqlari orqasida umumiy qiymati 88 million so‘mlik 8 dona uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi. Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Tovar moddiy boyliklarining yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tomonidan ushbu yo‘nalishdagi bojxona to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlarini aniqlashga qaratilgan bir qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, chegara oldi hududdan harakatlanib ketayotgan «Lada 2115» rusumli avtomashina to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirilganida, avtomashinada bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan va tegishli markirovka bilan markirovkalanmagan umumiy qiymati 18,9 million so‘mlik 7 dona televizorlar borligi aniqlandi.

Yana bir holatda fuqaro R.A. boshqaruvidagi «Kobalt» rusumli avtomashina to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, ushbu avtomashinada, umumiy qiymati 8,7 million so‘mlik 595 dona sifati kafolatlanmagan parfyumeriya mahsulotlari borligi aniqlandi.

Shuningdek, qo‘shni davlatdan «O‘zbekiston» chegara bojxona postiga kirib kelgan fuqaro M.A. boshqaruvidagi «VOLVO FH460» rusumli yuk avtomashinasi ko‘zdan kechirilganida, avtomashina yukxonasida buyumlar orasiga berkitilgan, hujjatlarda ko‘rsatilmagan «Honda» rusumli avtomashinaning mexanik uzatish qutisi va tikuv mashinasi borligi aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Neksiya»da 3600 dona cho‘g‘lanma lampochkalar yashirilgan ekan

Hukumat qarori bilan, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab cho‘g‘lanma lampa mahsulotlarini realizatsiya qilish taqiqlangani sababli, ushbu tovarlarning xorijdan olib kirilishi ham cheklangan.

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Quvasoy shahrining chegara oldi hududida harakatlanayotgan «Neksiya» rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomashina saloni va yukxonasida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan va mamlakatimizda savdosi cheklangan umumiy qiymati 18 million so‘mlik 3600 dona cho‘g‘lanma lampochkalar borligi aniqlandi.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Volvo»dagi nayrang ish bermadi

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Sirdaryo» chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro T.A. boshqaruvidagi «Volvo-FH» rusumli yuk avtotransport vositasi o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, yo‘l-yuk hujjatlarida ko‘rsatilganidan ortiqcha bo‘lgan, umumiy qiymati 46,2 million so‘mlik 3080 dona soch bo‘yoqlari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Mercedes benz»dagi qing‘irlik fosh bo‘ldi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «S.Najimov» chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro M.O. boshqaruvidagi «Mercedes benz» rusumli avtotransport vositasi o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Ko‘rik davomida, avtomashinada yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda aytilmagan, xorijda ishlab chiqarilgan umumiy qiymati 51,6 million so‘mlik tishni davolashda ishlatiladigan vositalar, 15 dona printer bo‘yoqlari borligi fosh bo‘ldi.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top