13:17 / 19.09.2020
11202
«Dunyo xavfsiz bo‘lishi uchun» – AQSh Eronga qarshi sanksiyalarni tiklamoqchi, «yevrouchlik» esa bunga qarshi

AQSh prezidenti Donald Trampning ma'muriyati Eronga qarshi BMT sanksiyalarini tiklashga tayyorlanmoqda. Garchi Britaniya, Fransiya va Germaniyadan iborat «yevrouchlik» sanksiyalarni qo‘llashga hojat yo‘qligini aytayotgan bo‘lsa-da, Tramp saylov oldidan bu ishni amalga oshirmoqchi.

Foto: Reuters

CNN'ga ko‘ra, bu prezident administratsiyasi tomonidan boshlangan Eronga qarshi «maksimal bosim» kampaniyasining oxirgi qadami bo‘ladi. Tramp administratsiyasi keyingi oy yakunlanadigan Eronga qarshi qurollanish bo‘yicha embargoni uzaytira olmagani uchun sanksiyalar variantini ko‘ra boshlagan.

Britaniya, Fransiya va Germaniyadan iborat «yevrouchlik» AQShning Eronga qarshi BMT sanksiyalarini tiklash talabini rad etdi. Bu borada 18 sentabr kuni BMT xavfsizlik kengashiga xat yuborilgan. Uchlikning birgalikda bitgan xatida aytilishicha, BMT Xavfsizlik kengashining ko‘pchilik a'zolari ularning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Maykl Pompeo oldinroq AQShga qarshi qo‘llanadigan sanksiyalar «dunyoni xavfsiz qilishini» aytgandi: «Shundan keyin Eronda Rossiyaning PVOsi, Xitoy tanklari yoki dunyoga xavf tug‘diradigan, Yaqin Sharqdagi stabillikka daxl qiladigan boshqa qurollarni qo‘lga kirita olmaydi», deydi Pompeo.

Sanksiyalar qanday tiklanishi mumkin?

Eronga qarshi sanksiyalarni tiklash BMT rezolyutsiyasiga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin. Bu borada BMT Xavfsizlik kengashining 2231 rezolyutsiyasida aytilgan. Eron bilan yadro kelishuvini ifodalaydigan bu rezolyutsiya 2015 yilda ratifikatsiya qilingan va unga ko‘ra, har bir ishtirokchi Eronga qarshi sanksiyalar tiklanishini talab qilishi mumkin. Hech bir ishtirokchi bunga qarshi veto qo‘ya olmaydi.

Biroq «yevrouchlik» AQSh Eron bilan yadro kelishuvidan 2018 yilda chiqqani sabab bu banddan foydalanishga haqli emas deb hisoblaydi. Oq uyda esa aksincha, AQSh 2015 yildagi kelishuvda bo‘lgani sabab Eronga qarshi yolg‘iz o‘zi sanksiyalarni tiklashga haqli ekanini aytishmoqda. Maykl Pompeoga ko‘ra, AQSh sanksiyalar borasida qarorini qo‘llash borasida BMT Xavfsizlik kengashining har bir a'zosiga alohida murojaat qiladi.

Oldinroq AQSh Eronning harbiy mansabdorlari va mamlakat TIVga qarshi sanksiyalar kiritgandi. Ma'lum bo‘lishicha, Trampda Eronga qurol sotgan har qanday kompaniyaga sanksiya kiritish rejasi ham bor. Ya'ni, Eronga qurol sotganlarning biznesi xavf ostida qoladi. Biroq ekspertlarning fikricha, Rossiya ham, Xitoy ham bunday yirik qurol savdolarini amalga oshirishni noyabrgacha surib turadi. AQShdagi saylovlar qanday natija bilan tugashiga ko‘p narsa bog‘liq.

Top