09:09 / 22.09.2020
2858
AQSh Venesuela prezidenti va Eron mudofaa vazirligiga qarshi sanksiyalar kiritdi 

AQSh ma'muriyati Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni Eron bilan qurol yetkazish bo‘yicha bitimlar tuzishga aloqadorlikda ayblab, unga va Eron mudofaa vazirligiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo ma'lum qildi. 

E'tiborlisi, Pompeo o‘z bayonotida Maduroni Venesuelaning sobiq prezidenti deb atagan va shu sababli AQSh Venesuela muxolifati yetakchisi Xuan Guaydoni vaqtinchalik prezident deb tan olishini aytgan.

“Biz Tehrondagi korrupsiyalashgan amaldorlar BMTning Eronga qurol yetkazishga taqiqlovini buzish maqsadida Venesueladagi noqonuniy tuzum bilan ishlagani uchun Venesuelaning sobiq prezidentiga qarshi sanksiyalar kiritdik”, deb aytgan Pompeo. 

Bundan tashqari, AQSh ushbu ayblov bo‘yicha Eron mudofaa vazirligi, Defense Industries Organisation kompaniyasi va uning rahbariga qarshi sanksiyalar kiritgan. Shuningdek, AQSh davlat departamenti va moliya vazirligi Eron yadro dasturiga aloqador 6 nafar jismoniy shaxsga va 3 ta kompaniyaga qarshi birgalikda sanksiyalar joriy qilgan. AQSh moliya vazirligi Eronning ballistik raketalar ishlab chiqish dasturiga aloqador 3 nafar shaxs va 4 ta kompaniyaga qarshi alohida sanksiyalar kiritgan.

“Bizning bugungi harakatlarimiz butun dunyoda tinglanishi kerak bo‘lgan ogohlantirishdir. Siz kim bo‘lishingizdan qat'i nazar, BMTning Eronga qurol yetkazish embargosini buzsangiz, sanksiyalar ostiga tushishingiz mumkin”, deb o‘z so‘zlarini yakunlagan Pompeo.

Avvalroq AQSh BMTning Eronga qarshi sanksiyalari tiklanishini e'lon qilgandi. Vashington, shuningdek, bu sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamaydigan davlatlarga nisbatan ham choralar ko‘rish bilan tahdid qilgan.

Top