23:57 / 22.09.2020
17753
Dunyodagi vaziyat: Britaniya xavf ostida, yangi cheklovlar yarim yilga cho‘zilishi mumkin

Britaniya bosh vaziri Covid-19 bilan kasallanish holatlari ko‘payishi ortidan mamlakatda joriy etilayotgan yangi choralar yana yarim yilgacha o‘z kuchida qolishi mumkinligi haqida gapirdi. Bu orada dunyo bo‘ylab koronavirus qurbonlari soni millionga yaqinlashdi, Lotin Amerikasidagi vaziyat esa yomonlashmoqda.

Foto: PA MEDIA

Pandemiya boshidan beri koronavirusga chalingan insonlar soni dunyo bo‘ylab 31,2 milliondan ortiq kishini tashkil etyapti, ulardan 21 millioni kasallikdan sog‘aygan. Qurbonlar esa deyarli million nafar - 965 ming o‘lim.

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson seshanba kuni parlamentda Angliyada karantinga doir yangi cheklovlar kiritilishi haqida gapirdi. Unga ko‘ra:

  • Qovoqxona va restoranlar kechki soat 10da yopiladi;
  • Ofisiantlar tomonidan xizmat ko‘rsatilishi shart, bardan buyurtma berish har yerda taqiqlanadi; 
  • Iloji bo‘lsa, fuqarolar uydan turib ishlashlari kerak.

Buyuk Britaniyaning boshqa qismlari - Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya karantin choralarini mustaqil ishlab chiqadi. 

«Bu biznesning katta qismiga ta'sir ko‘rsatishidan afsusdaman, ammo shunday qilishga majburmiz», dedi bosh vazir. Shunday qilib, hozirgacha ham olti kishidan ko‘p odam yig‘ilishi taqiqlangan Angliyada cheklovlar kuchayadi, ammo karantin tufayli jiddiy yo‘qotishlarga uchragan kichik biznesning shikoyatlari fonida hukumat yanada qat'iy choralar joriy etmadi.

Jonson ushbu cheklovlar taxminan olti oy o‘z kuchida qolishi mumkinligini ta'kidladi. «Ushbu virus hayotimiz hodisasiga aylandi. Va men parlament a'zolariga va butun mamlakatga unga qarshi kurashimiz davom etishini aytishga majburman», dedi bosh vazir. 

So‘nggi haftalarda Britaniyada Covid-19 bilan kasallanganlar soni keskin oshdi. Dushanba kuni hukumatning ilmiy va tibbiy maslahatchilari kasallik hozirgi kabi tez tarqaladigan bo‘lsa, oktyabrgacha mamlakatda kuniga 50 ming kishigacha kasal bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Liverpul universiteti professor-infeksionisti Keylum Semplning fikricha, ushbu choralar yetarli emas. U ilmiy jamiyatdagi «jiddiy xavotir» haqida gapirdi, chunki 50 yoshgacha bo‘lgan odamlar orasida yuqtirish darajasi o‘sib bormoqda.

Foto: Reuters

Shotlandiyada keskin choralar
Shotlandiyaning birinchi vaziri Nikola Sterjyen seshanba kuni mamlakatda mehmonga borish vaqtincha taqiqlanishini e'lon qildi.

Ushbu chora Glazgo va uning chekka hududlaridagi 1,7 milliondan ortiq odam uchun allaqachon joriy qilingandi. Endi, Sterjyenning so‘zlariga ko‘ra, ushbu cheklov butun mamlakat uchun amal qiladi. 

Bundan tashqari, Shotlandiyada, Angliya ortidan, juma kunidan boshlab pab va restoranlar kechki soat 10da yopiladi.

Shunday qilib, Shotlandiya Angliyaga (katta cheklovlar bilan bo‘lsa-da, mehmonga borish mumkin) qaraganda qat'iyroq karantin choralarini joriy etdi.

Dushanbadan beri Angliyada «oltilik qoidasi» amal qilmoqda: bitta tom ostida yashamaydigan odamlar (hatto uyda) olti kishidan ko‘p bo‘lmagan guruhda to‘planishi mumkin. 

«Bu qadamlarni qo‘yganimizning sababi shundaki, ushbu cheklovlar Shotlandiyaning g‘arbiy qismida virus tarqalishini to‘xtatmoqda», deyiladi hukumat bayonotida. 

Lotin Amerikasi va Rossiya vaksinasi
Lotin Amerikasi dunyoda eng jiddiy zarar ko‘rgan mintaqalardan biri bo‘lib qolmoqda, hozirgacha 8,7 millionga yaqin holatlar aniqlangan. Seshanba kuni Meksikada tashxislar soni 700 mingdan oshdi. 

Lotin Amerikasi mamlakatlarida Covid-19'dan taxminan 322 ming kishi vafot etgan, o‘limlarning taxminan 20 foizi Meksikaga to‘g‘ri keladi (73 ming qurbon). O‘tgan hafta Argentinada kasallanishning kunlik ko‘payishi bo‘yicha antirekord o‘rnatildi - u yerda bir kunda 13 mingta yangi holat ro‘yxatga olingan. 

Eng yomon ahvol Braziliyada - 4 milliondan ortiq holat. Bu dunyoda virus yuqtirishlar soni bo‘yicha birinchi o‘rindagi AQSh ko‘rsatkichlaridan 2 millionga kamdir. 

Lotin Amerikasi - Rossiyaning koronavirusga qarshi «Sputnik-V» vaksinasi yetkazib beriladigan ikki mintaqadan biridir. Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari jamg‘armasi u yerga taxminan 100 million dozani yetkazib beradi. Xuddi shuncha miqdordagi vaksina Hindistonga yo‘l oladi. 

Xususan, Braziliyaning Baiya shtati 50 million dozaga buyurtma bergan. Shtat sog‘liqni saqlash vaziri Fabio Vilas-Boasning ta'kidlashicha, agar vaksina biror-bir kutilmagan nojo‘ya ta'sir ko‘rsatsa, Rossiya kompaniyalari qonuniy jihatdan javobgar bo‘ladi. «Agar preparat zararli nojo‘ya ta'sirga ega bo‘lsa, unda odamlarning farmatsevtika kompaniyalariga qarshi umumiy sud da'volariga hech narsa to‘sqinlik qilmaydi», dedi u. 

G‘arb farmatsevtika sanoati koronavirusga qarshi vaksina dozasi uchun 5-15 yevroni maqbul narx deb hisoblaydi, deb ma'lum qildi Vaccines Europe'ning ijroiya kengashi prezidenti Syu Middlton dushanba kuni Yevropa parlamentidagi tinglovda. Ushbu tashkilot Yevropadagi yirik farmatsevtika kompaniyalari manfaatlarini himoya qiladi. 

Yevropa va ikkinchi to‘lqin
Ispaniyada juma kunidan beri Covid-19'ning 31 mingdan ortiq yangi holati qayd etildi. Bu yerdagi rasmiylar ham ikkinchi to‘lqin haqida gapirishmoqda. Eng og‘ir vaziyat Madridda, shahar tumanlari o‘rtasida harakat cheklangan. 

Endi Fransiyaning yetti provinsiyasi aholisi Italiyaga kirishda koronavirusga salbiy test natijasini taqdim etishi kerak. Mamlakatning ayrim qismlarida, jumladan, Il-de-Frans va Fransiya janubida kasallanish holatlari soni keskin o‘sib bormoqda.

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish seshanba kuni «Chexiya yana o‘zini qiyin ahvolga solib qo‘ygani» haqida gapirdi. «Epidemiya qaytdi», deya qo‘shimcha qildi u. Chexiya Covid-19 yuqtirish holatlari soni bo‘yicha YeIda ikkinchi o‘ringa chiqdi, deb ma'lum qildi dushanba kuni mamlakat ichki ishlar vaziri Yan Xamachek.

Chexiya avvalroq o‘z vaqtida joriy qilingan lokdaun tufayli koronavirusning jiddiy tarqalishidan saqlanib qolgan. Biroq, dushanba kuni 10 million kishilik mamlakatda 1474 holat qayd etildi. 

Babish yozda Chexiyada cheklovlarni bekor qilish xato bo‘lgan deb hisoblaydi. «Hatto meni ham yoz va umumiy kayfiyat chalg‘itdi. Bu xato edi, bu takrorlanishini istamasdim», dedi u.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top