13:41 / 22.09.2020
4378
Hozirgi vaqtda grippga qarshi emlash har qachongidan ham dolzarb - Shtab a'zosi

Shtab a'zosi gripp koronavirus infeksiyasi ko‘payishiga ta'sir qilmasligini ma'lum qildi.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatova gripp mavsumi boshlanishi koronavirus kasalligiga qanchalik ta'sir ko‘rsatishi va bunday vaziyatda grippga qarshi vaksina qanchalik yordam berishi mumkinligi haqidagi savolga javob berdi.

«Gripp koronavirus infeksiyasining ko‘payishiga ta'sir qilmaydi, chunki bu ikki xil infeksiya. Epidemiyaga qarshi tadbirlarga rioya qilmaslik kasallanishning oshishiga ta'sir qiladi. Agar aholi muntazam niqob taqsa, qo‘lni toza saqlash gigiyenasiga rioya qilsa, ijtimoiy masofani saqlasa, o‘zini alohidalasa, vaziyat barqaror bo‘lib qoladi.

Yana bir masala, agar kishi koronavirus infeksiyasi bilan og‘rigan bo‘lsa va yana biror yondosh infeksiya (gripp yoki boshqa) bilan kasallansa, u holda koronavirus qiyin kechadi. Hozirgi vaqtda grippga qarshi emlash har qachongidan ham dolzarb. Gripp Covid-19 infeksiyasisiz ham og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan juda jiddiy infeksiya hisoblanadi.

Shuning uchun, bir vaqtning o‘zida ikkita infeksiya bilan kasallanmaslik uchun grippga qarshi emlash maqsadga muvofiqdir.

Albatta, hammada ham grippga qarshi emlash imkoni yo‘q, chunki ayrim shaxslarda ushbu vaksinaga qarshi ko‘rsatmalar mavjud, lekin umumiy hisobda, biz emlash kerak deb hisoblaymiz», dedi Barno Abdusamatova AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Top