17:59 / 29.09.2020
21741
Istanbulga kuchli jala yopirildi (video)
Istanbulning Uskudar tumani, 29 sentabr / Foto: Anadolu Agency

Bugun, 29 sentabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida kuchli jala quyishi kuzatilmoqda. Shaharning ko‘plab ko‘chalari va yer osti o‘tish yo‘llarida suv toshqinlari yuzaga kelgan.

Ko‘chalar suv bosishi oqibatida 15 milliondan ortiq aholiga ega Istanbulning asosiy ko‘chalarida avtomobillar va hatto tramvay harakati ma'lum muddatga to‘xtab qolgan.

Daily Sabah xabariga ko‘ra, shaharning Osiyodagi qismida qisqa muddat yong‘oq kattaligidagi do‘l yog‘ib, avtomobillarga ziyon yetkazgan.

Sharros yomg‘ir kunduzi mahalliy vaqt bilan soat 11:00 atrofida boshlangan. Metereologlar ma'lumotiga ko‘ra, Istanbul va u joylashgan Turkiyaning sharqiy qirg‘oqlarida bugun kun so‘nggiga qadar kuchli yomg‘ir yog‘ishda davom etadi.

Tabiiy ofatdan tan jarohati olganlar haqida hozircha ma'lumotlar yo‘q.

Turk meteoxizmati mamlakatning boshqa shaharlari, jumladan poytaxt Anqarada ham seshanba kuni kuchli jala quyishidan ogohlantirgan.

Top