09:05 / 29.09.2020
2131
Orolbo‘yida innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibi ma'lum bo‘ldi

Jamg‘arma Orolbo‘yi mintaqasida innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida tashkillashtirilgan bo‘lib, prezident huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda faoliyat yuritadi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi huzuridagi Orolbo‘yida innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi. 

Quyidagilar Jamg‘arma daromadlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining zaxira jamg‘armasi hamda mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari mablag‘larining 5 foizi;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan grant tanlovlari natijalariga ko‘ra ajratiladigan mablag‘lar;

Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki tomonidan loyihalarni moliyalashtirishga ajratiladigan mablag‘lar;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lmagan shaxslarning homiylik xayriyalari;

Jamg‘armaning bo‘sh mablag‘larini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘armaga mablag‘lar kelib tushishining to‘liqligini nazorat qilish Markaz tomonidan amalga oshiriladi.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarga yo‘naltiriladi:

Orol dengizining qurib qolgan tubidagi sho‘rlangan tuproqli yerlarda ekotizimni va barqaror hayot faoliyatini rivojlantirish, sinovlar o‘tkazish uchun tajriba dalalarini yaratish;

Orol dengizining qurib qolgan qismida o‘rmon yaratish uchun ko‘chatlarning yuqori unumdor urug‘larini tayyorlash;

qurg‘oqchilikni boshqarish va uning oqibatlarini yumshatish, iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish, shuningdek, bu sohada davlat-xususiy sherikchilikni tashkil etish va uning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish;

xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik bo‘yicha ishlarni tashkil etish;

Markazni zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlash, zarur sarflash materiallari va butlovchi qismlar bilan ta'minlash;

Markazni saqlash, moddiy-texnik ta'minlash hamda xodimlarini moddiy rag‘batlantirish;

Markaz rahbarlari va boshqa xodimlarining xizmat safarlari, shu jumladan xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlari xarajatlari;

Markaz xodimlarini o‘qitish, malakasini oshirish hamda stajirovka o‘tashi, shu jumladan ularning xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan konferensiya, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishini tashkil etish;

Markazga yuklatilgan barcha vazifalarni va funksiyalarni bajarishga qaratilgan boshqa tadbirlarni moliyalashtirish.

Jamg‘arma mablag‘larini sarflash Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadigan hamda o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Markazga taqdim etilgan loyihalarni ko‘rib chiqish Ilmiy-texnikaviy kengash (ITK) tomonidan amalga oshiriladi.

ITK tarkibi Markaz tomonidan tasdiqlanadi hamda yetakchi olimlar, davlat boshqaruv organlari va tashkilotlarning yuqori malakali mutaxassislaridan shakllantiriladi. IKT a'zolari jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.

ITK loyihalarning dolzarbligi va maqsadga muvofiqligini baholaydi, ekspertizadan o‘tkazadi hamda xulosa beradi.

ITK zarur hollarda tegishli sohada yetarli darajadagi bilim va malakaga ega bo‘lgan mustaqil ekspertlar va mutaxassislarni jalb qilishi mumkin.

IKT tomonidan ijobiy xulosa olingan loyihalar Markazning tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasiga asosan moliyalashtiriladi.

Loyihalarni moliyalashtirish uchun jamg‘armaning maxsus hisob raqamidan, Markaz buyrug‘iga asosan tasdiqlangan daromadlari va xarajatlari smetasi doirasida, tashabbuskorlarning bank hisob raqamlariga ko‘chiriladi.

Top