20:45 / 01.10.2020
2146
AQShning ikkita yetakchi aviakompaniyasi 32 mingdan ko‘proq xodimini qisqartirmoqchi

AQShning ikkita yetakchi aviakompaniyasi American Airlines va United Airlines 1 oktyabrdan boshlab katta ko‘lamli qisqartirishlarni boshlaydi. Ikki kompaniya umumiy hisobda 32 mingdan ko‘proq xodimini bo‘shatishni rejalashtirgan.

The Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, American Airlines 19 ming xodimini, United Airlines 13,4 ming xodimini qisqartirmoqchi.

American Airlines rahbari Dug Parker o‘z xodimlariga yo‘llagan maktubida kompaniya “mehnatsevar va sodiq ishchilarini” qisqartirishga majbur bo‘layotganidan afsus bildirgan. O‘z navbatida, United Airlines rahbari Skott Kirbi 13 ming ishchining qisqartirilishini e'lon qilish vaqtida “bu kunni United uchun qayg‘uli kun” deb atagan. Biroq ikkala kompaniya rahbari AQSh rahbariyati yaqin kunlarda moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha bir qarorga kela olsa, qisqartirishlar bekor qilinishi mumkinligini aytishgan. “Biz davlatimiz rahbarlaridan murosaga kelib, ish o‘rinlarini saqlab qolishlarini o‘tinib so‘raymiz”, deb aytgan Kirbi. 

AQSh rahbariyati mart oyida pandemiya sharoitida aviakompaniyalarga ish o‘rinlarini qisqartirmasliklari sharti bilan yordam sifatida 25 mlrd dollar ajratgan. Ayni vaqtda aviakompaniyalar yordam dasturining uzaytirilishi va qo‘shimcha 25 mlrd dollar ajratilishini so‘ramoqda. Ta'kidlanishicha, bu ularga xodimlarni qisqartirmasdan mart oyigacha dosh berishga imkon beradi. 

Tahlilchilarning prognozlariga ko‘ra, joriy yilda AQSh aviakompaniyalari 30 mlrd dollar miqdorida zarar ko‘radi.

Top