09:37 / 01.10.2020
2546
Qishloq xo‘jaligi yer turlarini konservatsiya qilish tartibi ma'lum bo‘ldi

Qishloq xo‘jaligi yer turlarini konservatsiya qilish tartibini belgilash maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi yer turlarini konservatsiya qilish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi

Qishloq xo‘jaligi yer turlarini konservatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda hosildan qolgan qishloq xo‘jaligi yerlarini aniqlash bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilangan tartibda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga qishloq xo‘jaligi yer turlarini konservatsiya qilish bo‘yicha bajariladigan ishlar uchun nazarda tutilgan budjet mablag‘lari doirasida moliyalashtirishni ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

tuproqlarning agrokimyoviy va biokimyoviy ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha samarali tizimni tashkil etish maqsadida “O‘zagrokimyohimoya” AJ tarkibidagi “Agrokimyo stansiyasi” MChJni Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufiga o‘tkazish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Quyidagi holatlar mavjud bo‘lganda yerlarni konservatsiya qilish amalga oshiriladi:

ekologik talablarning buzilishi natijasida tuproqlarning kuchli eroziyaga, sho‘rlanishga, cho‘llanishga, botqoqlashishga uchrashi hamda yaylov va pichanzorlarda tuproq-o‘simlik qoplami jiddiy tanazzulga uchrashi;

tuproqlarning inson salomatligi uchun xavfli darajada kimyoviy moddalar va boshqa turdagi ifloslantiruvchilar bilan zararlanish yoki sho‘rlanish yoki ishqorlilik darajasining oshishi natijasida yerlar buzilishi;

yerlarning kam mahsuldorligi, tuproqlar hosildorligi juda pasayishi va tabiiy xususiyatlari bo‘yicha salbiy tavsiflarga ega bo‘lishi;

yerlarning ruxsat etilgan chegaradan yuqori darajada zaharli sanoat chiqindilari, radioaktiv moddalar, og‘ir metallar va boshqa kimyoviy elementlar bilan ifloslanishi.

Qishloq xo‘jaligi yer turlarini konservatsiya qilish jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishda yoki egaligida bo‘lsa, yerdan foydalanuvchilar va yer egalari tashabbusiga ko‘ra amalga oshiriladi. Agar, qishloq xo‘jaligi yer turlariga nisbatan foydalanish yoki egalik huquqi rasmiylashtirilmagan bo‘lsa, uni konservatsiya qilish tuman hokimliklari tashabbusga ko‘ra amalga oshiriladi.

Konservatsiya qilingan yerlarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanganligi bo‘yicha turi konservatsiya qilingan barcha davrda o‘zgarmaydi va statistika hisobotlarida alohida satrda ko‘rsatiladi.
 
Konservatsiya qilinadigan yerlarini aniqlash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligi yer turlarini xatlovdan o‘tkazish va konservatsiya qilinadigan yer uchastkalarini aniqlash umumiy ko‘rikdan o‘tkazish, agrokimyoviy va geobotanik tadqiqotlar asosida amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyatlar Qishloq xo‘jaligi boshqarmalarining Yerdan samarali foydalanish bo‘yicha mutaxassislari qishloq xo‘jaligi yer turlarini xatlovdan o‘tkazish uchun plan-kartografik va yer uchastkasi to‘g‘risidagi boshqa axborotlarini hamda undan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yer-axborot ma'lumotlar bazasiga kiritish uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi.

Qishloq xo‘jaligi yer turlarining plan-kartografik va boshqa axborotlari hamda agrokimyoviy va geobotanik tadqiqotlar natijalari asosida Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar tuproqlari holati to‘g‘risidagi milliy, hududiy va mahalliy elektron ma'lumotlar bazasini shakllantiradi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan konservatsiya qilinadigan yerlarini aniqlash bo‘yicha tayyorlangan tegishli materiallar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishiladi va mahalliy davlat hokimiyati organlari huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyalar tomonidan tasdiqlanadi.

Umumiy ko‘rikdan o‘tkazish, agrokimyoviy va geobotanik tadqiqotlar natijalari asosida degradatsiyaga uchragan, kam mahsuldor hamda zaharli sanoat chiqindilari va radioaktiv moddalar bilan ifloslangan qishloq xo‘jaligi yer turlari konservatsiya qilinadigan guruhga o‘tkaziladi.

Top