22:10 / 07.10.2020
4607
AQShning davlat qarzi 27 trillion dollardan oshdi 

AQSh davlat qarzi Donald Tramp prezidentligi vaqtida, ya'ni 2017 yil yanvaridan beri 7 trln dollarga ko‘payib, umumiy hisobda 27 trln dollardan oshdi. 

Foto: Mary Altaffer / AP

CBS telekanali AQSh moliya vazirligi hujjatlarini tahlil qilib, AQShda 2020 moliyaviy yil boshlanishi - 1 oktyabrga kelib AQSh davlat qarzi 27 trln dollardan oshganini aniqlagan. E'tiborlisi, Donald Tramp prezidentligi vaqtida ushbu qiymat 7 trln dollarga oshgan.

Telekanalning fikricha, AQSh davlat qarzi pandemiyadan keyin iqtisodiyotni tiklash uchun zarur bo‘ladigan choralar sababli oshishda davom etadi. Ayni vaqtgacha AQSh ma'muriyati iqtisodiyotni jonlantirish uchun 6 trln dollardan ko‘proq mablag‘ ajratgan.

Tramp 2016 yilgi saylov kampaniyasi vaqtida AQShning ulkan davlat qarzi muammosini ikkita prezidentlik muddati davomida hal qilishga va'da bergan. U islohotlar va savdo kelishuvlarini qayta ko‘rib chiqish evaziga AQShga o‘z qarzini to‘lashga imkon beradigan iqtisodiy o‘sish yuz berishini aytgan.

Ta'kidlab o‘tish joiz, avvalgi prezident Barak Obama vaqtida AQSh davlat qarzi 9 trln dollardan ko‘proqqa oshib, 20 trln dollarga yetgan. 

Joriy yilda AQSh yalpi ichki mahsuloti 22 trln dollarga yetishi kutilmoqda. AQSh kongressi budjet boshqarmasi xulosasiga ko‘ra, AQSh davlat qarzi joriy yilda YaIM qiymatiga tenglashadi. Vaholanki, 2019 yilda davlat qarzi YaIMning 79 foizini, 2007 yilda esa 35 foizini tashkil qilgan. 

Budjet boshqarmasi 2021 yilda AQSh davlat qarzi milliy YaIMdan oshishi, 2023 yilda esa uning 107 foizini tashkil qilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Top