O‘zbekiston | 08:10 / 08.10.2020
10241
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metropoliteni Sergeli yo‘nalishini qurish ishlari yakunlanmoqda 

Foto: Transport vazirligi

Toshkent metropoliteni Sergeli yo‘nalishini qurish ishlari yakunlanmoqda. Sergeli — Olmazor metro yo‘nalishida relslarni o‘rnatish ishlari tugatilib, bekatlarda so‘nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Transport vazirligi xabariga ko‘ra, umumiy qiymati 82,66 million AQSh dollari bo‘lgan ushbu loyihada dastlabki qurilish ishlari 2017 yil boshida boshlangan. Loyiha “Choshtepa”, “Toshkent halqa yo‘li”, “Sergeli”, “Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlaridan iborat. Bugungi kunda ushbu obekt qurilish ishlarida 1 ming 200ga yaqin mutaxassislar va ishchi-xodimlar, yuzdan ortiq mashina va texnikalardan foydalanilmoqda.

Quruvchilar tomonidan hozirgacha “Choshtepa”, “Toshkent halqa yo‘li”, “Sergeli”, “Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlarida asosiy qurilish ishlari yakunlanib, tashqi va ichki qismlarga bezak berish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu kungacha bekatlar oralig‘idagi ikki yo‘lli po‘lat izlarning jami 12,8 kilometr qismiga temir yo‘l izlari to‘liq yotqizildi. 

“Choshtepa” bekati Chilonzor yo‘nalishidagi “Olmazor” yer osti bekati bilan bog‘lanadi. Ushbu yo‘nalishning tunnel qismi Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishidagi “Olmazor” yer osti bekatiga ulandi. “Choshtepa” bekati yangi liniyaning dastlabki estakada shaklidagi bekati bo‘ladi. Undan keyin esa “Toshkent halqa yo‘li” bekati keladi. Ushbu yo‘nalish “Sergeli”, “Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlari bilan yakun topadi. Bu bekatlarda ham yerda asosiy qurilish ishlari tugatilib, perronlarni pardozlash, eskalator o‘rnatish, metro poyezdlari uchun elektr energiyasini montaj qilish, elektr yoritish uchun kommunikatsiya kabellarini ulash ishlari olib borilmoqda.

Bekatlarning kirish, chiqish hududlari ko‘rinishi jihatidan bir-birini takrorlamaydi, yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratilishi ko‘zda tutilgan. Imkoniyati cheklanganlar uchun bekatlar platformasida xavfsiz taktil plitkalar yotqizilishi hamda yo‘lovchilarning platformalarga ko‘tarilishi uchun zamonaviy lift va eskalator, xavfsizlikni ta'minlash maqsadida esa bekatlarga zamonaviy videokuzatuv uskunalari, IT rusumdagi turniketlar hamda elektr tejaydigan yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Mobil aloqa uskunalari uchun elektr quvvatlagichlar bo‘ladi.
  
Sergeli metro yo‘nalishida qurilish ishlari to‘liq tugatilgach, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va Rossiyaning “Metrovagonmash” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra Toshkent shahridagi yer usti metropoliteni uchun har biri 4 vagondan iborat metro poyezdlari mazkur yangi yo‘nalishda harakatlanadi.

Mavzuga oid