02:59 / 09.10.2020
20748

Mishustin Yerevanga bormoqda. Putin Armaniston va Ozarboyjon TIV rahbarlarini Moskvaga taklif qildi

Foto: RIA "Novosti"

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin 9 oktabr kuni Yerevanga boradi. Bu haqda Rossiya hukumatining axborot xizmatiga asoslanib Gazeta.ru yozmoqda.

Manbada aytilishicha, Mishustin Armaniston poytaxtiga Yevroosiyo hukumatlararo kengashining yig‘ilishida qatnashish uchun boradi. 8 oktabr kuni Rossiya hukumat rahbari Ozarboyjon bosh vaziri Ali Asadov bilan telefonda gaplashgandi. Mishustinning tashrifi Qorabog‘dagi voqealarga bog‘liq yoki bog‘liq emasligi aytilmagan.

Qorabog‘dagi voqealar haqida munosabat bildira boshlagan Vladimir Putin Armaniston hamda Ozarboyjon vakillarini Moskvaga taklif qildi. Bu haqda Kreml rasmiy saytida xabar berildi. Manbada aytilishicha, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan o‘tkazgan seriyali telefon suhbatlaridan so‘ng Vladimir Putin har ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlarini maslahatlashish uchun 9 oktabr kuni Moskvaga taklif qilgan.

Kreml saytida aytilishicha, Putin har ikki tomon vafot etganlarning jasadlari va asirlarni almashish uchun o‘t ochishni to‘xtatishi kerakligini ta'kidlagan.

Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarboyjon harbiylari o‘rtasida 27 sentyabrdan buyon qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda. Har ikki tomon urush boshlanishida bir-birini ayblamoqda. Armaniston tomoni yon berishi mumkinligi haqida ma'lum qilgan, Ilhom Aliyev esa muzokara uchun Ozarboyjonning shartini aytgandi.

Mavzuga oid
Top