19:21 / 11.10.2020
12298
12 yoshli Javohirning endi o‘z uyi bor. U oilasi bilan yangi uyga ko‘chib o‘tdi

Mol-qo‘ylari, velosipedi va uy-joyi bo‘lishini orzu qilgan 12 yoshli Javohirning orzulari, Kun.uz’da aksiya e'lon qilingach, to‘la amalga oshdi.

Bu safargi manzilimiz Chinoz tumanining Eshonobod mavzesi bo‘ldi. Sababi saytimizda e'lon qilingan xayriya aksiyasi qahramoni Javohirning oilasiga xayriyadan tushgan pullarga ushbu manzildan uy-joy sotib olish nasib qilibdi. Mo‘jazgina xonadon, kattagina hovli, xullas yashash va Javohir orzu qilganidek qo‘y-qo‘zilarni ko‘paytirish uchun kerakli sharoitlar bor.

Og‘ir dard va turmush qiyinchiliklaridan bezib, abgor sharoitlarda turmush kechirayotgan, ertangi kunga umidi butunlay so‘ngan insonlar bugun hayotga o‘zgacha nazar bilan qaray boshlagan. Oila baxtiyor, saxovatpesha insonlar ko‘magi o‘laroq endi ularning o‘z uy-joylari bor.

Yodingizda bo‘lsa, xayriya aksiyasida bu oilaga qariyb 200 mln so‘m miqdordagi pul mablag‘lari yig‘ilgan edi. Salomat O‘razova (Javohirning onasi) bu pulga uy sotib oldi. Uning aytishicha, yig‘ilgan puldan ozroq qismi ortib ham qolgan. U bu pullarni o‘ziga o‘xshagan yana bir muhtoj oilani uyli qilishga yordamlashish uchun sarflamoqchi ekan.

Salomat O‘razova

Salomat O‘razovaning qo‘shimcha qilishicha, baxsiz hodisa tufayli 3 yoshida nogiron bo‘lib qolgan qizi Sevinch tibbiy muolajalar olib, sog‘aya boshlagan. Shifokorlarning aytishicha, u tez kunlarda yurib ketarkan.

Kichik qahramonimiz Javohir ham baxtiyor. U yaxshi bilim olib, kelajakda o‘zi kabi qiynalgan oilalarga yordam berishni ko‘ngliga tugib qo‘ygan.

Kun.uz sayti ushbu oila nomidan xayriya aksiyasida ishtirok etib, bu oilaning yangidan hayot boshlashiga o‘z hissasini qo‘shgan saxovatli insonlarga yana bir bor o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

Rahmatilla Isroilov
Nuriddin Nursaidov

 

Top