21:48 / 11.10.2020
71498
Kimlar ketdi va kimlar keldi? Qirg‘iziston siyosiy hayotidagi so‘nggi o‘zgarishlar

Qirg‘izistonda bir hafta oldin o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin saylov natijalariga norozilik sifatida ommaviy namoyishlar boshlangandi. Bir kun ichida muxolifat tarafdorlari jiddiy natijalarga erishib, qamoqxonalardan siyosiy mahbuslarni ozod etishdi; ayni vaqtda mamlakatni kim boshqarmoqda va keyin kim boshqaradi, bunisi hamon noma'lum bo‘lib qolmoqda. Qamoqdan chiqarilgan sobiq deputat bosh vazir lavozimiga tasdiqlangan.

Quyida ushbu mamlakatdagi siyosiy inqirozning asosiy ishtirokchilari bilan nima bo‘layotgani haqida ma'lumotlar keltiriladi.

Sooronbay Jeyenbekov, prezident
1990-yillardan buyon siyosatda, 2012-2015 yillarda O‘sh gubernatori bo‘lgan, turli yillarda qishloq xo‘jaligi vaziri, 2016-2017 yillarda bosh vazir bo‘lgan, 2017 yilda esa mamlakat prezidenti etib saylangan.

5-6 oktabr voqealaridan keyin qayerdaligi hamon - noma'lum. Prezident ma'muriyati u hamon Bishkekda ekanini aytmoqda, lekin u omma oldida ko‘rinish bermagan.

Prezident o‘tgan hafta davomida bir necha marta videomurojaat qildi, shuningdek, prezident matbuot xizmati uning nomidan xabarlar tarqatdi. Xususan, u sodir bo‘lgan voqealarni hukumatni noqonuniy egallashga urinish deb atadi. Shuningdek, davlatning yaxlitligi, xalqning birligi va jamiyatning xotirjamligini birlamchi deb atab, «joriy vaziyat yana qonuniy o‘zaniga qaytishi, barcha davlat tuzilmalari va hukumat qonuniy maqomga ega bo‘lishi va mamlakat to‘g‘ri yo‘lga tushib olishi bilan prezident lavozimidan ketishga tayyorligi»ni bildirdi.

9 oktabr kuni u Bishkekda favqulodda vaziyat joriy etish va shaharga harbiylarni kiritish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq u hukumat va bosh vazirni iste'foga chiqardi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, prezident o‘z ixtiyori bilan iste'foga chiqishi kutilmoqda.

Almazbek Atamboyev, sobiq prezident
Qirg‘izistonga 2012-2017 yillarda rahbarlik qilgan Almazbek Atamboyev 2019 yil avgustida qator jinoyatlarda ayblanib, 11 yildan oshiqroq muddatga qamalgandi. 6 oktyabrga o‘tar kechasi u namoyishchilar tomonidan ozod etilgan, keyingi kunlar mobaynida o‘z tarafdorlari mitinglarida qatnashgandi. U so‘nggi kunlardagi voqealarni «uchinchi inqilob» deb atadi.

Vladimir Voronin / AP / Scanpix / LETA

Mitinglardan biri vaqtida u o‘tirgan avtomobilga o‘qotar quroldan o‘t ochildi. Atamboyev hayotiga suiqasd qilingani hamda buning ortida maxsus xizmatlar turganini aytdi. Keyinroq Sadir Japarov bu aslida ataylab uyushtirilgani, uning avtomobiliga o‘zining qo‘riqchilari o‘q otgani haqida gapirdi.

10 oktabr kuni sobiq prezident o‘z qishlog‘i Qo‘y-Toshda maxsus xizmatlar tomonidan o‘tkazilgan amaliyot vaqtida qo‘lga olindi.

Kubatbek Boronov, sobiq bosh vazir
Qirg‘izistonning 1991 yildan keyingi yangi tarixida 32-bosh vazir. U hukumat rahbarligiga 2020 yil iyunida tayinlangandi.

Kubatbek Boronov

Namoyishlar vaqtida u o‘z iste'fosi haqida e'lon qildi. U avvaldan bu lavozimda vaqtincha ekanini, parlament saylovlaridan keyin iste'foga chiqishini aytib kelardi.

Sadir Japarov, yangi bosh vazir
10 oktabr kuni Ala-Archa davlat qarorgohida bo‘lib o‘tgan parlament majlisida deputatlar «Mekenchil» («Vatanparvar») partiyasi asoschisi Sadir Japarovni bosh vazir lavozimiga tasdiqladi.

Foto: EPA/Vostock-photo

U Qirg‘iziston parlamenti muhokamasida bosh vazir lavozimiga yagona nomzod bo‘ldi. 6 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan favqulodda yig‘ilishda Japarov hukumat rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatilgandi.

Ovoz berish paytida deputatlar ushbu lavozimga Japarovning nomzodini va uning taklifiga binoan o‘zgarishsiz qolgan hukumat tarkibi va tuzilishini yoqlab ovoz berdi.

Japarov yangi parlament saylovlari zarurligini e'lon qildi va mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlar ishtirokida konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish zarurligini ta'kidladi.

«Xalq parlamentni isloh qilishni, bitta mandatli tizimni qaytarishni talab qilmoqda. Ammo biz konstitutsiyaviy islohotlarni barcha partiyalar bilan birgalikda hal qilamiz», dedi u.

Shuningdek, u parlamentga murojaatida mamlakat prezidenti yaqin kunlarda o‘z ixtiyori bilan iste'foga chiqishi haqida aytib o‘tdi.

Hozirgi vaziyatda, Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti iste'foga chiqsa, uning majburiyat va vakolatlari bosh vazirga o‘tadi, chunki parlament spikeri ham iste'foga chiqqan (qonunchilikka ko‘ra, bunday hollarda spiker prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘ladi).

Japarov - Bishkekdagi namoyishlardan keyin qamoqdan chiqarilgan siyosatchilardan biri bo‘lgandi. U darhol maydonda namoyishchilar qarshisida chiqish qildi.

O‘sha miting davomida tarafdorlari Japarov prezident bo‘lishi yoki kamida bosh vazir bo‘lishini talab qilishgandi. Japarovning tarafdorlari so‘nggi 5 kun davomida hukumat uyi oldida uni qo‘llab-quvvatlab namoyish o‘tkazishdi.

«Bu men ishonishim mumkin bo‘lgan yagona siyosatchi. Bu u o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat. U yetimlikda o‘sgan va uning yo‘qotadigan narsasi yo‘q. U ochiqchasiga agar Qumtor (oltin koni) korrupsiyasiz ishlaganida, har bir qirg‘iz millioner bo‘lishi mumkinligi haqida aytadi. U oddiy xalq tarafda. U vaziyat qurboni bo‘lgan va asossiz qamoqda o‘tirgan», degan uning tarafdorlaridan biri.

Japarov 2013 yilda «Qumtor» oltin konini milliylashtirish talabi bilan Qorako‘lda miting tashkillashtirgani uchun 2017 yilda qamalgandi.

Uni Issiqko‘lning o‘sha vaqtdagi gubernatori Emilbek Kaptagayevni garovga olgani uchun ham ayblashgan. Shuningdek, Japarov 2012 yilda kuch bilan hokimiyatni egallashga urinishda ayblangan. Ammo u o‘shanda sudda oqlanib, ozodlikka chiqarilgandi.

2013 yilda Japarov Issiqko‘ldagi voqealardan keyin sud ta'qibidan qochib, mamlakatni tark etadi va ma'lum vaqt davomida Kiprda yashaydi. 2017 yili vatanga qaytganida qo‘lga olinadi.

Japarovning siyosiy faoliyati 2005 yilgi davlat to‘ntarishi vaqtida boshlangan. Sobiq prezident Kurmanbek Bakiyev boshqaruvi vaqtida u deputat edi, shuningdek, prezident maslahatchisi hamda korrupsiyaga qarshi agentlik rahbari bo‘lgan.

2010 yilgi inqilobdan keyin Atamboyev hokimiyat tepasiga kelganida ham Japarov deputat edi, keyinroq u sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mita rahbarligiga tayinlanadi.

U 5-6 oktabr kungi namoyishlar vaqtida boshqa siyosiy mahbuslar qatorida ozod etilgandi.

9 oktabr kuni Bishkekda bir vaqtning o‘zida uchta siyosiy aksiya o‘tkazildi: sobiq bosh vazir Sapar Isakovning tarafdorlari, sobiq prezident Almazbek Atamboyevning tarafdorlari ishtirokidagi mitinglar va «Bashtan bashta» yoshlar harakati marshi.

Maydonda qariyb 10 ming kishi yig‘ilgandi, ko‘p o‘tmay maydonda Atamboyev va Japarovning tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanib ketdi, tartibsizliklar vaqtida muxolif partiyalarning bosh vazirlik uchun yana bir muqobil nomzodi - 29 yoshli Tilek Toktogaziyev boshidan jarohat oldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, uning boshiga tosh bilan urishgan, u og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

Tartibsizliklar vaqtida Atamboyev, Sapar Isakov, prezidentlikka sobiq nomzod Omurbek Babanov va «Bashtan bashta» harakati yetakchisi Ulan Usoyunga ham hujumlar qilingan.

Doston Jumabekov, Qirg‘iziston parlamentining sobiq spikeri
U bu lavozimda 2017 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi. U ham namoyishlar vaqtida iste'fo berdi va g‘oyib bo‘ldi. Uning iste'fo haqidagi bayonoti parlamentning (Jogorku Kenesh) 6 oktabr kungi navbatdan tashqari yig‘ilishi vaqtida deputatlardan biri tomonidan o‘qib eshittirildi.

Doston Jumabekov

O‘sha yig‘ilishda tavakkalchilik qilishni istamagan deputatlar yig‘ilishni parlament binosida emas, Bishkekdagi mehmonxonalardan birida o‘tkazishgandi.

Bu vaqtda deputatlarning qolgan bir qismi muxolifat vakillaridan biri Miqtibek Abdildayevni spikerlikka tayinlashgandi. 

Miqtibek Abdildayev / © RIA Novosti / Aleksey Mayshev

Ammo 10 oktabr kuni Japarov bosh vazirlikka tayinlangan yig‘ilishda Abdildayev iste'foga chiqdi. Endi uning majburiyatlarini vitse-spiker Mirlan Bakirov bajarib turadi.

Qashqar Junushaliyev, Qirg‘izistonning sobiq ichki ishlar vaziri
Avvaliga namoyishlar vaqtida lavozimini tashlab ketib qolgani aytildi. 

Qashqar Junushaliyev va Erkin Asrandiyev

Namoyishlardan keyin uning o‘rnini ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Kursan Asanov egalladi. U Junushaliyev «qo‘rqoqlarcha qochib ketgani» haqida gapirdi va Bishkek komendanti vazifasini bajarishga kirishdi. 9 oktabr kuni Ichki ishlar vazirligi shaxsiy tarkibi va IIB faxriylari birlashib, uni vazirlik binosidan haydab chiqarishgan. Vazirlikda o‘tkazilgan yig‘ilishda «IIV xodimlari ayrim siyosiy va boshqa kuchlarning manfaatlariga xizmat qilmasligi va muayyan guruhlarning g‘arazli maqsadlariga erishish uchun siyosiy vosita bo‘lmasligi» kerakligi aytilgan. Ko‘p o‘tmay Asanov Qirg‘iziston poytaxtida ommaviy tartibsizliklar uyushtirish ayblovi bilan qo‘lga olindi.

10 oktabr kuni Sadir Japarov yangi bosh vazir bo‘lgach, Qashqar Junushaliyev hamda bosh vazir o‘rinbosari Erkin Asrandiyev rasman iste'foga chiqdi.

Damir Sag‘inbayev, Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashining sobiq kotibi
Damir Sag‘inbayev bu lavozimda 2018 yildan buyon ishlagan. Namoyishlar boshlangan vaqtda u mehnat ta'tilida bo‘lgan. 

Damir Sag‘inbayev va Sooronbay Jeenbekov (Foto: president.kg)

10 oktabr kuni u Qirg‘iziston prezidenti farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini kim egallashi hozircha noma'lum.

O‘murbek Suvanaliyev, nufuzli general
2019 yilda u Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari bo‘lgan. Keyinroq parlamentga «Butun Qirg‘izistan» partiyasidan saylanish maqsadida lavozimini tark etgandi.

O‘murbek Suvanaliyev va Kursan Asanov

Namoyishlardan keyingi dastlabki kunlarda u vaziyatni qo‘lga olib, tartib o‘rnatishga harakat qildi. U o‘zini Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchisi sifatida e'lon qildi, Rossiya federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov hamda Qozog‘iston maxsus xizmatlari rahbari Karim Masimov bilan telefon orqali muloqot qilgach, ko‘pchilik uni Kremlning odami sifatida ko‘ra boshladi.

8 oktabr kuni u mamlakat kuch tuzilmalari rahbar xodimlari bilan birinchi yig‘ilishni o‘tkazgandi, ammo 9 oktabr kungi yig‘ilish vaqtida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari va faxriylari Xavfsizlik kengashi kotibini binodan «haydab chiqarishga» qaror qildi.

Yig‘ilishda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbariyati, faxriylari va xodimlarining mamlakatdagi vaziyat yuzasidan murojaati o‘qib eshittirilgan. Unda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari «ayrim siyosiy va boshqa kuchlarning manfaatlariga xizmat qilmasligi va muayyan guruhlarning g‘arazli maqsadlariga erishish uchun siyosiy vosita bo‘lmasligi» aytilgan.

10 oktabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Suvanaliyevni Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Uning o‘rnini 2015-2016 yillarda Qirg‘iziston qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i bo‘lgan Janibek Kaparov egalladi.

O‘rozbek O‘pumbayev

Shuningdek, 2019 yil iyunidan buyon Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi bo‘lgan O‘rozbek O‘pumbayev ishdan olingan.

Taalaybek O‘muraliyev, Qirg‘iziston bosh shtabi boshlig‘i
O‘muraliyev — harbiy mutaxassis, Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida toliblarga qarshi jang qilgan (Qirg‘iziston kontingenti ushbu operatsiyada ishtirok etgandi); o‘z respublikasi hududida ham radikal kuchlarga qarshi harbiy amaliyotlarda qatnashgan.

Rayimberdi Duyshenbiyev va Taalaybek O‘muraliyev

2011 yildan 2014 yilgacha mudofaa vaziri bo‘lgan, askarlar va zobitlarga xizmat kvartiralari tarqatilishida xizmat lavozimini suiiste'mol qilishda ayblangach, iste'foga chiqqan. 2017 yilda sud uni general unvonidan mahrum qiladi va katta miqdorda jarimaga tortadi. Ammo o‘sha yilning o‘zida uning unvoni tiklab beriladi. U so‘nggi olti yilda qayerda faoliyat yuritgani to‘g‘risida ochiq manbalarda ma'lumot yo‘q.

9 oktabr kuni prezident farmoni bilan Rayimberdi Duyshenbiyev Qirg‘iziston qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i lavozimidan ozod etildi va uning o‘rniga Taalaybek O‘muraliyev tayinlandi. Aynan u Bishkekka harbiy qismlarni olib kirish bo‘yicha farmon ijrosini ta'minlagan.

Qirg‘izistondagi vaziyat

5 oktabr kuni Bishkekda va Qirg‘izistonning boshqa shaharlarida parlament saylovlari natijalariga qarshi ommaviy namoyishlar boshlandi. Saylovda mag‘lub bo‘lgan partiyalar tarafdorlari parlament va prezident ma'muriyati joylashgan Oq uy binosini egallashdi, shuningdek, bir qancha sobiq amaldorlar ozod etildi. 6 oktabr kuni MSK saylov natijalarini bekor qildi, Qirg‘iziston hukumati esa iste'foga chiqdi. Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Bishkekdagi namoyishlar vaqtida 1218 kishi jarohatlangan, shundan 200dan ortiq kishi shifoxonaga yotqizilgan. Bishkek meriyasi binosiga zarar yetkazilgan.

9 oktabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov Bishkekda harbiy holat joriy etib, shaharga harbiy bo‘linmalar va harbiy texnikalar kiritish haqidagi farmonini imzoladi. Harbiylar «blok-postlar tashkil etish, qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish va qonuniy tartib hamda tinch aholi muhofazasini ta'minlash» bilan shug‘ullanishi belgilangan.

Bishkekda 10 oktabr kuni kechki soat 21:00dan ertalabki soat 05:00gacha komendantlik soati amal qilmoqda. Bunday buyruq Bishkekning yangi komendanti, Qirg‘iziston IIV rahbari o‘rinbosari Almaz O‘rozaliyev tomonidan berilgan. Bu cheklov favqulodda holat rejimi doirasida kiritilgan. Komendantlik soati barcha fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun amalda bo‘ladi.

Bishkekda ommaviy tadbirlar o‘tkazish taqiqlangan, xususan, mitinglar va marshlar ham. Shahar komendanti o‘z buyrug‘i bilan shaharga kirish va chiqishning alohida tartibini belgilagan. Bundan tashqari, Bishkekda alkogol sotuvi cheklangan — bu mahsulotlarni soat 18:00dan soat 9:00gacha sotish taqiqlanadi. 

10 oktabr kuni Bishkekka harbiy texnika olib kirildi, shaharda favqulodda holat 21 oktyabrga qadar davom etadi. 24.kg muxbiri xabar qilishicha, shahar ko‘chalaridan birida tanklar va harbiy yuk mashinalari joylashtirilgan. Ala-Too maydoniga olib boruvchi yo‘llarda ham kamida o‘nlab zirhli texnikalar va KamAZlarni, shuningdek, zirhli avtomobillar va patrul mashinalarini ko‘rishgan. Bundan tashqari, Sputnik xabariga ko‘ra, militsiya Bishkekka qaytgan, so‘nggi bir necha kun davomida shaharda tartibni saqlash ishlari bilan ko‘ngillilar shug‘ullanayotgandi. Harbiylar va IIV xodimlari Bishkek markazida harakatni cheklab qo‘yishgan.

Mavzu
Qirg‘izistonda hukumat almashinuvi
Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan muxolif partiyalar inqilob amalga oshirishdi.
Barchasi
Top