23:21 / 12.10.2020
13864
«O‘zbekiston temir yo‘llari» Anhor kanali ustidagi piyodalar ko‘prigi holati bo‘yicha izoh berdi

«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi Anhor kanali ustidagi piyodalar ko‘prigi holati bo‘yicha ma'lumot berdi.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ushbu ko‘prik fotosurati tarqalgandi. Foydalanuvchilarning qayd etishlaricha, ko‘prik tayanchlarining pastki qismi «unchalik yaxshi holatda emas».

Kompaniyaning xabar berishicha, ko‘prik tayanchlarining poydevori konstruksiyasida loyiha bo‘yicha 41 metr chuqurlikka o‘rnatilgan diametri 1500 mm bo‘lgan temir-beton qoziqlar ko‘zda tutilgan.

«Fotosuratlarda aynan ana shu qoziqlarning betonlangan qismi aks etgan. Qurilish texnologiyasiga ko‘ra, tayanch joylashtirilayotganida kanaldagi suvning maksimal darajasi hisobga olingan. Bunda tayanchning konstruktiv unsuri bo‘lmagan va uning yuk ko‘tarish layoqatiga ta'sir ko‘rsatmaydigan qoziq pardozlangan. U shunchaki arxitekturaviy-estetik ko‘rinish berishga mo‘ljallangan», - deyiladi kompaniya xabarida.

Pardoz suvning minimal darajasi hisobga olingan holda amalga oshirilgan.

«Joriy mavsumda suv sathi minimal darajadan sezilarli ravishda past bo‘ldi, natijada notekis yuzaga ega bo‘lgan beton ustun ko‘rinib qolgan», - deyiladi «O‘zbekiston temir yo‘llari» tomonidan.

Ta'kidlanishicha, ushbu piyodalar ko‘prigi xavf tug‘dirmaydi hamda to‘liq soz holatda.

Top