Bugun har sohada muammo yetarli. Yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni esa qisqa muddatda hal qilishning iloji yo‘q. Shu sabab muammolarni yechishda avvalo ularning dolzarbligiga qarash kerakmikin... Masalan, 10 ta muammoni «joyiga chiqib o‘rganib» keyin tashlab ketgandan bitta katta muammoni hal qilgan tuzuk, bizningcha. Ana shunday yechimi dolzarb bo‘lgan muammolardan biriga Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi Sariq qishloq aholisi duch kelgan.
Sariq qishloqda bugun 350ta xo‘jalikda 1 700 nafar aholi yashaydi. Qishloqning o‘rtasidan 50 yil avval kovlab ishga tushirilgan Qarshi magistral kanali o‘tgan. Bugun sariqliklar kanalning ikki tomonida yashaydi. Muammo shundaki, ushbu qishloq ikkiga ajralib qolgan bo‘lsa ham, uni o‘zaro bog‘laydigan avtomobillar uchun yo‘l o‘tkazgich yo‘q. Mashina o‘tib qaytadigan eng yaqin ko‘prik qishloqdan 4-5 kilometr uzoqda.
Qishloqdagi maktab, bog‘cha, savdo do‘koni kanalning bir tarafida joylashib qolgan. Qishloq aholisi har ikki tarafga o‘tib qaytishda kanal ustida hashar yo‘li bilan qurilgan eski osma ko‘prikdan foydalanayapti.

«Bu ko‘prik mutlaqo yaroqsiz, lekin narigi tomonga o‘tish uchun undan yurishga majburmiz. Bahorda kanal to‘lib oqqanida bolalarni maktabga yoki nimadir yumush bilan qishloqning narigi tomoniga jo‘natsak, yurak hovuchlab o‘tiramiz», deydi odamlar.
Mahallasi raisi Hamro Choriyevning aytishicha, ko‘prik o‘tgan asrning 70-yillarida sariqliklar tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan. 2019 yil bahorda kanalda suv ko‘payib «qilko‘prik»dan o‘tish imkonsiz bo‘lib qolgach, uning narigi tomonida yashaydigan o‘quvchilarga maktabdan bir hafta ta'til berishga majbur bo‘lishgan.
Ko‘prikning yog‘ochlari allaqachon yaroqsiz holga kelib bo‘lgan. Ikki yil oldin qishloq ahli chirigan yog‘ochlar ustiga eski shinalarning rezinasini qoplab, ko‘prikni qo‘lbola «kapital rekonstruksiya» qilishadi.

O‘ziga xos «rekonstruksiya» ham vaziyatni yaxshilamagan, ko‘prikning ahvoli juda xarob. Yetmaganiga juda xavfli ham. Uning ikki chetiga himoya sifatida simto‘siq tortilgan. Bugun ana shu sim to‘siqlarning aksariyat joyi sitilib, simlarning uchi chiqib turibdi. Ko‘prikdan yurganda u qimirlab odam muvozanatni yo‘qotishi va himoya to‘sig‘idan chiqib qolgan simlarga o‘ralashib qolishi hech gap emas.



















