11:59 / 15.10.2020
6144
Hukumat qarori tashqi reklama rivojiga to‘siq bo‘lmoqda(mi)?

«Ebbing, Missuri chegarasidagi uch bilbord» filmida umidsizlikka tushgan qahramon ayol qizining o‘limi yuzasidan tergov ishlari olib borilmayotgani uchun mahalliy politsiya e'tiborini tortish maqsadida 3ta bilbordni ijaraga oladi. 

O‘zbekiston tashqi reklama operatorlari hamda tashqi reklama konstruksiyalari egalari aynan ushbu filmdagi kabi e'tibordan chetda qolayotgan muammolar yuzasidan OAVga murojaat yo‘llagan. Anhor.uz nashri ushbu masalaga e'tibor qaratdi.

Bugungi kunda reklama konstruksiyalari egalari mablag‘larini investitsiya qilish o‘rniga zaxira sifatida ushlab turishga majbur bo‘lishmoqda. Bundan tashqari, ular reklama beruvchilar bilan uzoq muddatli shartnoma tuza olishmaydi, chunki duch kelgan vaqtda konstruksiyalari buzib tashlanishi mumkin.

«Humo media» reklama agentligi direktori Saveliy Sokolovning ta'kidlashicha, hukumat reklama biznesi «islohoti» bilan 2018 yilda shug‘ullangan. O‘shanda Vazirlar Mahkamasining «Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.

«Ushbu qaror kamchiliklar bilan bo‘lsa-da ishlab kelayotgan «Toshkentreklamaservis» davlat unitar korxonasi yo‘q bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Bir joyning o‘zida shartnoma imzolanib, reklama pasporti rasmiylashtirilar va o‘sha yerning o‘zida olinardi. Barchasi qaysidir ma'noda shaffof amalga oshirilardi. Lekin mazkur qaror kuchga kirgach, reklamalar joylashtirish bo‘yicha shartnomalar imzolash to‘xtab qoldi. Davlat g‘aznasiga bu sohadan daromad kelmay qo‘ydi», deydi u.

Sokolovning so‘zlariga ko‘ra, reglament ishlab chiqilmagani sababli 10 oy davomida davlat budjetiga hech qanday mablag‘ kelib tushmagan. Tadbirkorlar shartnoma imzolash uchun tuman hokimliklariga qatnashiga to‘g‘ri kelgan.

«Qaror reklama bozorini yo‘q qilmasligini istardik»
2020 yil 20 fevral kuni Vazirlar Mahkamasining «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Saveliy Sokolov mazkur qaror qabul qilinganidan so‘ng reklama konstruksiyalari egalarida qator muammolar yuzaga keldi deb hisoblaydi.

«Ushbu qaror reklama bozorini yo‘q qilmasligini, unga adolatli o‘zgartirishlar kiritilishini, aynan ushbu qonun muvofiqlashtiruvchi bo‘lib xizmat qilishini, biz hokimiyatma-hokimiyat yugurib yurishimizning oldini olishini va bir joyda ishimiz bitishini, shaffoflik bo‘lishini hamda konstruksiyalar yoppasiga buzib tashlanmasligini istaymiz. Bugungi kunda Toshkentdagi 85 foiz konstruksiyalar qaror talablariga javob bermaydi. Nafaqat bilbordlar, balki tomlardagi konstruksiyalar ham talabga javob bermaydi», deydi Sokolov.

Reklama agentligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qabul qilingan hujjatlar reallikka umuman to‘g‘ri kelmaydi.

«Men buni O‘zbekistondagi ko‘plab reklamachi shaxslar nomidan aytmoqdaman. Biz bu soha muvofiqlashtirilishiga, tartibga solinishiga, konstruksiyalar qisqartirilishiga qarshi emasmiz. Ba'zida bir chorrahada o‘nlab reklama konstruksiyalari turganidan o‘zimning ham jahlim chiqadi. Yangi qarorga ko‘ra, chorrahada 4ta konstruksiya bo‘lishi lozim. Yaxshi, unda chorrahada kimning reklamasi turishi kerak?» deydi u.

Sokolovning fikricha, reklama bozoridagi har qanday shaxs emas, balki reklama konstruksiyasiga pasporti bor shaxslar o‘rtasida auksion o‘tkazilishi adolatli bo‘ladi.

«Agarda reklama joyini yutib olishni maqsad qilgan biror ishtirokchi kelsa, bu hujjatlarda korrupsion manfaatlarni ko‘rish mumkin».

Yangi qarorga keladigan bo‘lsak, u reklama biznesi yelkasida turgan yuk og‘irlashishiga sabab bo‘lmoqda.

«Bugungi kunda 6x3 metrli, birinchi zonadagi konstruksiya uchun 4 mln so‘m to‘lashimizga hamda yagona darcha tomonidan berilgan har bir pasport uchun 3 bazaviy miqdorda to‘lov to‘lashimizga to‘g‘ri kelmoqda».

Shu bilan birga, endilikda yo‘l bo‘yidagi reklama konstruksiyalariga nisbatan yangi qoida qo‘llanmoqda: ular yo‘lga chiqib ketmasligi kerak.

«Bizga buni to‘g‘rilash uchun yarim yil vaqt berishdi, ammo kamida uch oy karantinda o‘tirdik. Yarim yil ichida Toshkentdagi 7120ta  tashqi reklama konstruksiyasining joyini o‘zgartirish kerak. Qanday qilib? Hech kim aytgani yo‘q. So‘ngra birinchi darajali, ikkinchi darajali ko‘chalar bo‘yicha hujjat paydo bo‘ldi va bizga 31 dekabrgacha muhlat qo‘yishmoqda. Har bir tuman qaysi ko‘cha markaziy ekanligini o‘zicha hal qildi. Sergeli va Bektemir tumanlari barcha ko‘chalarni ushbu ro‘yxatga kiritish bilan alohida ajralib turdi. Endi u yerlarda LED-ekranlar bo‘lishi kerak ekan. Bu esa statik bilbordlar endi kerak emas degani».

Tadbirkorning fikriga ko‘ra, odamlar vizual shovqinlardan norozi bo‘lishmoqda, LED-ekranlar paydo bo‘lishi bilan esa bu shovqin yanada kuchaygan.

«Qarorga ko‘ra, konstruksiyada yoritish chirog‘i bo‘lishi kerak. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent viloyati bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilib qishloq yo‘lidagi konstruksiyaga chiroq o‘rnatish kerakligini aytishganida, ularga tushuntiraman: «Birinchidan, elektr energiyasini hech qayerdan olishning imkoni yo‘q. Ikkinchidan, agarda chiroq o‘rnatadigan bo‘lsam, mahalliy aholi konstruksiyamni parchalab tashlaydi. Chunki ularning o‘zlarida elektr energiyasi yo‘q». Ular esa, bu mening muammoim ekanligini va o‘z hisobimdan konstruksiyadan ikki baravar qimmat bo‘lgan quyosh panellarini qo‘yishim kerakligini aytishmoqda.

«Bizga hech qanday imtiyoz berishmagan»
Saveliy Sokolovning aytishicha, reklama agentliklariga hech qanday imtiyozlar berilmagan va bundan tashqari, karantin davomida reklama yig‘imi miqdori oshirib yuborilgan.

«Aprel-may oylarida umuman ish bo‘lmadi. Harakatlanishga nisbatan cheklovlar sababli montajchilarimiz aprel oyida hatto ish joyiga ham kela olmadi. Bizdan esa reklama yig‘imini barcha oylar uchun talab qilishmoqda. Ilgari 20ta konstruksiya uchun oyiga 1,3 mln so‘m to‘lagan bo‘lsam, sentyabrdan boshlab ushbu summa 5 mln so‘mdan ortiqni tashkil  qiladi.

Saveliy Sokolovning ta'kidlashicha, u bundan tashqari yagona soliq to‘lovini ham to‘laydi.

«Montajchilar va payvandchilar oylik olishadi. Hukumat go‘yoki davlat budjetiga pul tushishini to‘xtatish uchun ushbu ishlarni amalga oshirayotganga o‘xshayotgandek tasavvur paydo bo‘lmoqda. Hech kim LED-ekranlarni ommaviy ravishda o‘rnatishni boshlamadi. Chunki ertaga konstruksiyasi buzib tashlanmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.

Toshkentdagi Jarqo‘rg‘on ko‘chasida «snos» qilingan konstruksiya, 6 oktabr

«Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarorga muvofiq, tadbirkorlarga tegishli hujjatlar asosida konstruksiyalarni tartibga solish bo‘yicha xulosa berilishi kerak bo‘lgan. Lekin Saveliy Sokolovning so‘zlariga ko‘ra, Bektemir tumani hokimligi xulosani jo‘natmagan va tadbirkorlarni sudga bergan. 30 nafar javobgar sifatida sudda qatnashganlar orasida «Humo media» agentligi direktori ham bor. Birinchi tinglov 6 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan, keyingisi esa 16 oktabr kuniga belgilangan.

Reklama konstruksiyalarini hujjatdagidek moslashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘ kerak bo‘ladi: masalan, konstruksiyani ko‘chirish narxi 2,4 mln so‘mdan boshlanadi.

«Biz hozir sohaga investitsiya jalb etolmaymiz, chunki ikki yil bir joyda to‘xtab qoldik. Bitta reklama konstruksiyasi uchun 15 ming dollar yoki undan ko‘proq sarmoya sarflaymiz. Konstruksiya istalgan vaqtda mahalliy hokimning og‘zaki buyrug‘i bilan buzib tashlanishi mumkin».

Vazirlar Mahkamasining «Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, bugungi kunda pasportlarni auksion orqali sotish mexanizmi ishga tushirilishi kerak edi. Lekin u haligacha ishlamaydi.

«Ikki yildirki, bari havoda qolib ketyapti. Avvalgi pasportlarga qaytadan to‘lov qilishimizni so‘rashmoqda. Ilgarilari buning uchun pul to‘lamaganmiz. Ariza, fotografiya, sxema berdik. Shahar bosh arxitektoridan, YXHBdan ruxsatnoma oldik. Endi esa ishlashda davom etishimiz uchun qaytadan to‘lov qilishimiz kerakligini aytishmoqda. Bu shunchaki qonuniy reket demakdir», deydi Sokolov.

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 20-moddasiga asosan ko‘cha reklamalarini mahalliy hokimiyat organlari o‘z vakolatlaridan kelib chiqqan holda nazorat qiladi. Bu bilan Vazirlar Mahkamasining ikkita qarori qonunga zid kelmoqda.

«Biz qonun osti hujjatlarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan qonun bo‘lishini va hokimlar o‘zboshimchalik bilan qaror qabul qilmasligini istaymiz», deya so‘zini yakunlagan Saveliy Sokolov Anhor.uz nashri muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda.

  • Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi 2020 yil 20 fevraldagi 104-sonli qarorga ko‘ra, tashqi reklama obektlari sohasidagi munosabatlar tubdan isloh qilinib, sohaga oid qator qonun hujjatlari tasdiqlangan. O‘rnatilgan yangi tartib va qoidalar esa soha vakillarining e'tirozlariga sabab bo‘lgan.
  • Shu munosabat bilan Kun.uz reklama konstruksiyalari egalari va ushbu sohaga mas'ul davlat tashkilotlari vakillari o‘rtasida ochiq munozara tashkil qilgandi.
Top