19:50 / 17.10.2020
37365
Harorat ko‘tarilmoqda. Iqlim isishi sabab insonlar nimalar yo‘qotishi mumkin?

So‘nggi 20 yilda ob-havoning keskin isishi og‘ir gumanitar va iqtisodiy zararlarga olib kelmoqda. BMT bu holat vayronagarchilikka ham sabab bo‘lishidan ogohlantirmoqda.

Foto: Reuters/ Antara Foto Agency

BMTga tayanib Jahon iqtisodiy forumi tashkilotining yozishicha, haroratning oshishi keyingi o‘n yillikda ko‘p yerlarda qurg‘oqchilikni keltirib chiqarishi mumkin.

Hozirgacha bo‘lgan raqamlar ham dahshatli: 2000 yildan 2019 yilgacha Xitoyda 577 ta, AQShda 467 ta tabiiy ofat qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Hindiston (321), Filippin (304) va Indoneziya (278) turadi. Tabiiy ofatlar bo‘yicha top 10 ta davlatning 8 tasi Osiyoda joylashgan.

Keyingi 20 yilda umumiy hisobda 7 348 ta tabiiy ofat kuzatilib, ular 1,23 million odamning hayotiga zomin bo‘lgan, 4,2 milliard odam ofatlardan zararlangan. Qurg‘oqchilik, toshqin, sunami, zilzila, tabiiy yong‘inlarning hammasi 2,97 trillion dollar iqtisodiy yo‘qotishlarga sabab bo‘lmoqda. Bu ofatlarda iqlim isishining ham «hissasi katta».

Hukumatlar nima qilishi mumkin?

«To‘g‘ri, ofatlar vaqtida tobora ko‘proq odamlar qutqarib qolinmoqda, lekin bunday hodisalar ko‘payishi bilan ulardan zararlanadiganlar soni ham oshib bormoqda», deydi BMT bosh kotibining tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha maxsus vakili Mami Mizoturi.

U hukumatlar falokatlardan ertaroq ogohlantiruvchi tizimlar o‘rnatishga investitsiya ajratishi, ofatlar xavfini kamaytiruvchi strategiyalar ishlab chiqishi zarurligini aytmoqda.

Belgiyaning Luven universiteti xodimi Deberati Guxa-Sapirning fikricha, iqlim isishi bilan bog‘liq holatlar keyingi 20 yilda ham shu tarzda davom etaversa, insoniyat kelajakda jiddiy muammolarga duch keladi: «Yuqori harorat keyingi 10 yilda biz uchun, ayniqsa, qashshoq davlatlar uchun eng katta qiyinchilikka aylanadi», deydi u.

1,5 graduslik chegaraning buzilishi

O‘tgan oy dunyo tarixidagi eng issiq sentabr qayd etilgan edi. YeIning kopernikus iqlim o‘zgarishi xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, Sibir, Yaqin Sharq, Janubiy Amerikaning ayrim qismlari va Avstraliyada g‘ayritabiiy darajada issiq harorat qayd etilgan.

Xalqaro Meteorologiya xizmati agar kelgusi 5 yilda havo harorati o‘sishda davom etsa, harorat sanoat asridan oldingi davrdan 1,5 gradus o‘sish qayd etishini aytmoqda. Olimlar dahshatli yo‘qotishlarga uchramaslik uchun harorat 1,5 gradusdan ko‘p oshmasligi kerakligi haqida ogohlantirishadi.

Mavzuga oid
Top