19:35 / 18.10.2020
12262
Erdo‘g‘an Rossiya, AQSh va Fransiya Armanistonga qurol yetkazib berayotganini aytdi

10 oktabr kuni Ozarboyjon va Armaniston Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib olgani ma'lum qilingandi. Ammo keyinroq ular bir-birini mazkur rejimni buzishda aybladi.

Foto: Globallookpress

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya, AQSh va Fransiya Armanistonga qurol yetkazib berayotganini aytdi.

 "Armaniston sulhni yana buzdi. YeXHTning Rossiya, AQSh va Fransiyadan iborat Minsk guruhi Armanistonga qurol bilan har tomonlama ko‘mak bermoqda. Ular Armaniston tarafida turibdi", - dedi Erdo‘g‘an.

Erdo‘g‘an avval ham Minsk guruhini e'tiborsizlikda ayblagandi.

 "Minsk guruhi hali ham bu jarayonni cho‘zmoqda. Agar masalani hal qilishni istasangiz, yechimni cho‘zish bilan emas, yechimning o‘zi bilan shug‘ullanish kerak. Nahotki bitta muammoni 30 yil yechish mumkin? Minsk guruhi muzokaralarni yakunlab, bosib olingan yerlarni egalariga qaytarishi kerak. Bu o‘n yillarga cho‘ziladigan ish emas. Lekin ular yerlarni berishmadi. Bu nimaga olib keldi? Mana bunday vaziyatga", - degandi Erdo‘g‘an.

 10 oktabr kuni Ozarboyjon va Armaniston Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib olgani ma'lum qilingandi. Ammo keyinroq ular bir-birini mazkur rejimni buzishda aybladi.

 17 oktabr kuni esa Armaniston va Ozarboyjon tashqi ishlar vazirliklari Tog‘li Qorabog‘dagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgani to‘g‘risida bayonot berdi.

 Tog‘li Qorabog‘da qurolli to‘qnashuvlar 27 sentyabrda boshlangandi. Armaniston tomoni tan olinmagan Qorabog‘ armiyasi hujumlarga turib berayotganini aytayotgan bo‘lsa, Ozarboyjon o‘z hududi hisoblangan Tog‘li Qorabog‘ uchun jang qilayotganini, mojaroni hal qilishda faqat harbiy yechim ko‘rayotganini, qator hududlar qaytarilganini ma'lum qilmoqda.

Top