12:45 / 20.10.2020
3242
Avstraliya o‘rmonlari dronlar yordamida tiklanmoqda
Foto: Reuters

Avstraliyaning sharqiy qirg‘og‘idagi koala sonini ko‘paytirish dasturida ixtisoslashgan dronlardan foydalanilmoqda. Butunjahon yovvoyi tabiatni asrash fondi (WWF) mamlakatning tarixiy yong‘inlarida yongan butazorlarni qayta tiklash uchun saqich daraxtlari urug‘larini dronlar yordamida sepib chiqmoqda.

Saqich daraxti barglari koalaning asosiy oziq-ovqat manbai hisoblanadi. 2019-2020 yilning yong‘inlarida vayron bo‘lgan butazor va o‘rmonlarni tiklash koalalarning omon qolishiga yordam beradi.

WWF'ning hisob-kitobiga ko‘ra, yong‘inlar sabab 3 milliard sut emizuvchi, qush va sudralib yuruvchi nobud bo‘lgan yoki ko‘chirilgan. Avstraliyaning janubi-sharqida 11 million gektar hudud bo‘ylab 7 milliard donagacha daraxt yonib ketgan yoki zarar ko‘rgan. Bu Buyuk Britaniyaning yarim maydoniga teng degani.

WWF'ning Avstraliya bo‘limi sharqiy sohilda koala sonini ikki baravar ko‘paytirishni maqsad qilib, urug‘ ekishda uchuvchisiz dronlar va boshqa usullar sinovini moliyalashtirish uchun 5 yil davomida 300 million Avstraliya dollari (210 million AQSh dollari) yig‘moqchi.

WWF'ning ba'zi uchuvchisiz samolyotlari kuniga 40 ming dona urug‘ ekishi mumkin va bu yong‘in parchalagan landshaftlarni tiklashga yordam beradi.

Iyun oyida parlament so‘rovida Yangi Janubiy Uels shtatidagi koalalar va ularning yashash joylarini himoya qilish uchun zudlik bilan choralar ko‘rilmasa, 2050 yilgacha yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligi aniqlandi.

Avstraliyadagi o‘rmon yong‘inlari mavsumi oxirgi yillarda, ayniqsa, falokatli o‘tmoqda. Ular ko‘p yillar davom etgan qurg‘oqchilikdan so‘ng butazorlarni quritib, 34 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, 3000 ga yaqin uy vayron bo‘lgan.

Top