22:46 / 20.10.2020
10255
Xitoy milliarderlari pandemiyaga qaramay misli ko‘rilmagan sur'atda boyib bormoqda

Koronavirus pandemiyasiga qaramay, Xitoyda yangi millionerlar rekord darajada ko‘payib bormoqda. «Dunyo bir yil ichida bunchalik ko‘p boylik yaratilganini hech qachon ko‘rmagan», deydi tadqiqot mualliflari.

Jyek Ma / Foto: REUTERS/Edgar Su

Hurun Report kompaniyasi Xitoyning 2020 yilgi eng boy odamlari reytingini e'lon qildi, deb xabar bermoqda Reuters.

Unga ko‘ra, Xitoyda boylik ishlab chiqarish va ko‘chmas mulk kabi an'anaviy sektorlardan elektron tijorat va fintex kabi yangi yo‘nalishlarga ko‘chishi sur'ati tezlashgan.

Hongkong va Makaodagi badavlat insonlarni qo‘shmay hisoblaganda ham, XXRda milliarderlar 2019 yilga qaraganda 257 kishiga ko‘payib, jami 878 nafarga yetgan.

Alibaba elektron tijorat platvormasi asoschisi va egasi Jyek Ma 58,8 milliard dollar bilan 2020 yilda ham Xitoyning birinchi raqamli boy odami bo‘lgan. Ikkinchi o‘rinni esa WeChat asoschisi, Tescent xolding kompaniyasi direktori Poni Ma 57,4 milliard dollar bilan band qilgan.

Uchinchi o‘rin qadoqlangan suv ishlab chiqaruvchi Nongfu spring kompaniyasi rahbari Chjun Shanshanga nasib qildi. Uning boyligi 53,7 milliard dollar.

Hurun tadqiqot kompaniyasi raisi Rupert Xuguverfning ma'lum qilishicha, xitoylik milliarderlar qo‘lida jami 4 trilliondan ko‘proq qiymatga ega aktivlar bor. Bu Germaniya YaIMdan ham ko‘proq.

2020 yilning o‘zida Xitoydagi eng yirik 500 nafar biznesmenning boyligiga 1,5 trillion dollar qo‘shilgan. Hatto ularning oxirgi 5 yillikda orttirgan jami boyligini qo‘shib chiqqanda ham bundan kamroqni tashkil etadi. 1,4 trillion dollar – Britaniya YaIMning taxminan yarmi demakdir.

«Dunyo bir yil ichida bunchalik ko‘p boylik yaratilganini hech qachon ko‘rmagan. Xitoylik tadbirkorlar kutilganidan yaxshiroq ishladi va koronavirus pandemiyasi bo‘lishiga qaramay, rekord darajaga erishdi», – deydi Xuguverf.

Sog‘liqni saqlash tizimi ham Xitoy iqtisodining istiqbolli yo‘nalishi sifatida rivojlanmoqda. Vaksina bilan shug‘ullanuvchi Zhifei kompaniyasi asoschisi Tszyan Jyenshen bu yilgi reytingda boyligini 19,9 milliardga yetkazib, 20-o‘rinni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Xitoy koronavirus inqirozi davrida iqtisodi o‘sayotgan yagona davlat bo‘lib qolmoqda. Respublika yalpi ichki mahsuloti uchinchi chorakda o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 4,9 foizga o‘sgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top