11:54 / 21.10.2020
2264
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 3,7 mlrd dollarga kamaydi

2020 yilning yanvar-sentabr oylari yakuni bo‘yicha respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 27,4 mlrd dollarni tashkil etib, 2019 yilning mos davriga nisbatan 3,7 mlrd dollarga yoki 12,0 foizga kamaydi.

Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, TSAda eksport hajmi 12,4 mlrd dollarga (6,0 foizga kamaydi) va import hajmi 15 mlrd dollarga (16,5 foizga kamaydi) teng bo‘ldi. Hisobot davrida 2,5 mlrd dollar qiymatida passiv tashqi savdo balansi qayd etildi.

O‘zbekiston, jahonning 160dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. TSAning nisbatan salmoqli hissasi Xitoy (16,8 foiz), Rossiya (14,8 foiz), Qozog‘iston (7,3 foiz), Koreya Respublikasi (5,8 foiz), Turkiya (5,2 foiz), Qirg‘iziston (2,4 foiz) va Germaniya (2,1 foiz) bilan qayd etilgan.

Tashqi savdo aylanmasi infografikasi ko‘rsatkichlari oylar kesimida tahlil qilinsa, 2019 yilning iyun va iyul oylarida keskin o‘sish kuzatilganini ko‘rish mumkin. Xuddi shu ko‘rsatkichlar 2020 yil uchun tubdan farq qilib, dastlabki ikki oyda o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar qayd etilgan bo‘lsa, mart oyidan boshlab jahon bozoridagi kon'yunkturaning o‘zgarishi sababli tebranishlar yuz berdi. 

Tashqi savdo aylanmasining iyul hamda avgust oylarida keskin o‘sgani oltin eksportining oshgani bilan izohlanadi. 2020 yilda eng katta pasayish may oyida qayd etildi - 2,1 mlrd dollar. O‘tgan yilning shu oyiga nisbatan tashqi savdo aylanmasining kamayishi 1,1 mlrd dollarni tashkil qildi.

Top