12:11 / 22.10.2020
2861
Samarqandlik olimlar energiya olish uchun shamol yo‘nalishlari xaritasini ishlab chiqdi

Samarqand davlat universiteti olimlari shamol energiya resurslari xaritasini ishlab chiqdi. Bu xarita asosida shamol kuchli va ko‘p kuzatiladigan hududlarda shamol parraklari orqali chekka hududlar aholisini elektr energiya bilan muntazam ta'minlash, fermerlar uchun yer osti suvlarini tortib chiqarish, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish mumkin. 

«Samarqand viloyatidagi meteorologik stansiyalarning ma'lumotlari va biz o‘rnatgan shamol o‘lchagich asboblar ma'lumotlari asosida Samarqand viloyatining shamol energiya resurslari xaritasi tuzilgan. Unda shamol kuchli esadigan hududlar ajratilgan va ularning elektr beradigan shamol energiya resurslari ko‘rsatilgan. Hozir ham ikkita nuqtada, ya'ni Bulung‘ur tumani Eshmonto‘p qishlog‘i va SamDU 9 qavatli binosi tomida, 40 metr balandlikda shamol tezligini o‘lchaydigan asboblar ishlab turibdi», deyiladi universitet ma'lumotida.

Bu boradagi izlanishlar 2015 yilda universitet olimi A. Rahmatullayev rahbarligida, talabalar bilan birgalikda boshlangan. Bugunga qadar muntazam va kuchli esadigan shamol yo‘nalishlari xaritasi takomillashtirib kelingan. Natijalarga ko‘ra, viloyat hududidagi Qarnab cho‘lining deyarli hamma qismida yil davomida esadigan shamol resurslari bor. Shuningdek, o‘sha yili Samarqanddagi Cho‘ponota hududida doimiy shamol yo‘nalishlari aniqlangan. Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on suv ombori, Bulung‘ur, Qo‘shrabot va Payariq tumanlarida ham katta salohiyatga ega shamol yo‘llari aniqlangan. Mazkur hududlarning aksariyat qismida shamol 3,5-4 metr sekunddan yuqori tezlikda esadi. 

Olimlar odatdagi shamol generatorlari shamol kuchi 3 metr sekund tezlikka yetganda samarali elektr energiya ishlab chiqarishini ma'lum qilgan. 3,5-4 metr sekund shamol yo‘llarida esa shamol generatorlari bilan birga shamol elektr stansiyalari ham qurish mumkin. Bu energiya olishning arzon va ekologik toza usuli hisoblanadi.

Top