12:45 / 23.10.2020
5862
Anemiya bilan og‘rigan bolalarda infeksion xastaliklarga chalinish xavfi yuqori – mutaxassis

Bola organizmida temir moddasi yetishmovchiligi oqibatida yuzaga keladigan kamqonlik boshqa kasalliklarga ham yo‘l ochishi bilan xavflidir. Sababi anemiyadan shikoyat qilayotgan bemorlarning boshqa infeksion xastaliklarga chalinish ehtimoli ham yuqori bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu kasallik bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri, oliy toifali shifokor Nazokat Oripova bilan intervyu uyushtirdi. Unda bolalarda uchraydigan kamqonlik, anemiyaning kelib chiqish sabablari, kasallik o‘z vaqtida davolanmasa qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqidagi dolzarb savollarga javoblar berilgan.

— Bolalarda uchraydigan kamqonlik haqida ma'lumot bersangiz...

— Bolalardagi anemiyani pediatr, qiyin holatlarda esa gematolog davolaydi. Bolalar anemiyasi butun dunyo pediatrlarining muammosi sanaladi. Qon tarkibidagi gemoglobin miqdori pasayib ketishi kamqonlik kasalligiga sabab bo‘ladi. Miyaga kislorod yetkazib berish esa aynan qondagi gemoglobinning asosiy vazifasidir. Bu kasallik bilan og‘rigan va immuniteti past bemorlarda turli infeksion xastaliklarga chalinish xavfi yuqori bo‘ladi. Qon tarkibida organizmning o‘sib rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan oziq moddalar mavjud.

Eritrotsitlarning asosiy vazifasi kislorod molekulalarini tashishdir. Kislorod organlar va to‘qimalarga gemoglobin – temir tarkibidagi maxsus oqsil orqali yetkaziladi. O‘rtacha gemoglobin darajasini quyidagi raqamlarda ko‘rish mumkin:

G/L dagi normal gemoglobin darajasi (litr uchun gramm) yoshga bog‘liq:

  • yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda - 180dan 240gacha;
  • 1 oydan 5 yoshgacha - 110dan 115gacha;
  • 5 yoshdan 12 yoshgacha - 110dan 120gacha;
  • 12 yoshdan 15 yoshgacha - 120dan 140gacha.

— Anemiya kelib chiqishining asosiy sabablari nimada?

— Bolalardagi kamqonlik turli sabablarga ko‘ra rivojlanadi. Ota-ona sinchkovlik bilan ushbu kasallikka nima turtki bo‘lganini aniqlashi kerak. Anemiya – tashqi va ichki, nasliy va orttirilgan, homiladorlik va tug‘ilgandan keyingi, patologik va asosiy omillar asosida yuzaga keladi.

Ayolning homiladorlik davridagi kamqonligi bolaga o‘z ta'sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Achinarlisi, homilador ayollarning temir moddasiga bo‘lgan talabining ikki karra ortishi oqibatida kelib chiqadigan anemiya soni katta ko‘rsatkichlarni ko‘rsatadi. Bolalar uchun anemiya xavfli kasalliklar sirasiga kiradi. Sababi, bola kun sayin o‘sadi va ma'lumki o‘zining «zaxiralari» kam bo‘lsa, rivojlanishdan orqada qolishi mumkin. To‘yib ovqatlanmaslik, vitaminga boy mahsulotlarni iste'mol qilmaslik ham anemiyaga sabab bo‘ladi.

Organizmda gemoglobin darajasi uzoq vaqt davomida past bo‘lishi bolada gipoksiya, ya'ni kislorod yetishmovchiligiga olib keladi. Natijada a'zolar va to‘qimalar ziyon ko‘radi. Anemiya tufayli bolalar jismoniy va intellektual rivojlanishdan orqada qolishlari mumkin. Qolaversa, surunkali va yuqumli kasalliklarga moyil bo‘lishadi.

— Kasallik belgilari va o‘z vaqtida davolamaslik qanday asoratlarga olib kelishi haqida ma'lumot bersangiz…

— Anemiya ko‘plab a'zolar va tizimlarga ta'sir qiladi. Ilk belgilar terida paydo bo‘lib, oqarib mayinlashadi. Tirnoq va sochlar mo‘rtlashib, yorqinligini yo‘qotadi. Tez-tez til yallig‘lanishi, yuzaki yaralar paydo bo‘lishi mumkin.

Kamqonlik, asab tizimiga ham ta'sir qiladi. Sababi kamqonlikda quloqda shovqin paydo bo‘ladi va bosh aylanishi kuzatiladi. Anemiyaning eng yorqin belgisi – doimiy charchoqlik va behollikdir. Eng yomoni, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarning rivojlanishi tengdoshlarinikidan ancha orqada qoladi. Og‘irroq ko‘rinishlarida hatto hushdan ketishi va yuragi tez-tez urishi mumkin. Chunki kamqonlik qon bosimi pasayishiga ham sabab bo‘ladi.

Top