17:50 / 27.10.2020
23643

«Hozir xarajati chiqsa, do‘ppini osmonga otyapmiz» – Soha odamlari go‘sht yetishtirishdagi qiyinchiliklar haqida

Kun.uz’ning Namangandagi muxbiri shu kunlarda muhokamalar markazida bo‘lib turgan go‘sht narxi ko‘tarilishi masalasi bo‘yicha kichik o‘rganish o‘tkazdi.

Qoramol boquvchilar yem-xashak narxlari ko‘tarilishi ularga qiyinchilik tug‘dirayotganini aytib o‘tishgan. Narx ko‘tarilgani sababli avvallari uy sharoitida 3-4 bosh qoramol boqqan odamlar bugungi kunga kelib chorva sonini 1-2 boshgacha kamaytirishga majbur bo‘lishgan, umuman, qoramol yetishtiruvchilar soni kamayib bormoqda. O‘z-o‘zidan, talab ko‘p, taklif kamaygach narx oshadi.

Qassoblar bozorlarda narxlarni sun'iy tushirishga bo‘layotgan harakatlar o‘zi shundoq ham qiyinchilik bilan zarariga ishlab kelayotgan bozor holatini yomonlashtirayotganini aytib o‘tishdi.

Qassoblarga mol so‘yib beradigan kushxona ish boshqaruvchisi Abbos Fayzullayevning so‘zlariga ko‘ra, 14-15 mln so‘mga olingan buqa 300 kg atrofida go‘sht beradi. U 300 kg go‘shtning hammasi ham lahm go‘sht bo‘lmasligi, undan suyak hamda yog‘ chiqishi, bugungi bozordagi sun'iy o‘rnatilgan narxda sotish esa tadbirkorga katta zarar keltirayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Abbos Fayzullayev

«Kushxonamiz xizmatidan asosan 10-15 nafar qassob foydalanishadi. Misol uchun, 15 million so‘mlik buqa oladigan bo‘lsak, u 300 kg go‘sht beradi. 300 kiloning barchasi lahm go‘sht bo‘lmaydi, albatta, 30 kilocha yog‘ chiqadi. Bundan tashqari, qoramolning suyagi yo‘g‘on bo‘lishi mumkin.

Qassob mol boquvchidan kilosini 50 ming so‘mdan taroziga tortib oladi. Qassobga qoladigani — teri, kalla-pochasi, qorin, o‘pkasi. To‘rt bo‘lakka ajragan joyi ham, yog‘i ham 50 ming so‘mga to‘xtaydi.

Aholi go‘sht qimmat, go‘sht qimmat, deydi, lekin qassoblarga ham oson emas. O‘sha to‘rt bo‘lak go‘shtdan 30-40 kilosi suyakka chiqib ketadi. Go‘sht narxi qancha bo‘lsa yog‘ni ham shu narxda oladi, lekin 15-20 mingdan sotadi.

Aslida, go‘sht narxi ko‘tarilishiga sabab yem. Yem-xashak arzonlashishi kerak birinchi o‘rinda. Misol uchun, yog‘ni qayta ishlashdan yem chiqadi, paxta mahsulotidan chiqadigan yemlarimiz bor, o‘shalar arzonlasin.

Bozordagi narx-navoni ko‘tarib tushirish qassobning qo‘lida emas. Qassob nima qilsin? Oldingi davrlar edi, bir moldan 1-2 mln so‘m daromad qilish mumkin bo‘lgan. Unda hamma narsasi pul edi, terisi ham. Hozir qilgan xarajati va daromadi uchma-uch chiqib qolsa, qassob do‘ppisini osmonga otadi», deydi u.

Hamidxon Nishonov

Hamidxon Nishonov ko‘p yillardan buyon o‘z uyida qoramol boqib keladi. Uning hisoblashicha, 5-6 oyda so‘yishga tayyor bo‘ladigan buqa o‘rtacha 7 million so‘mga sotib olinadi. Unga kamida 3 million so‘mlik yem-xashak sarflanadi.

«Kunlik hisoblayman desangiz, o‘rtacha bitta molni semirtirish uchun bir odamni to‘ydirishdan ko‘proq pul sarflanadi. Kuniga o‘rtacha 15-20 ming so‘m, shunda ham oz-moz xashagi o‘zidan chiqsa. Agarda xashagi ham qo‘shilsa — 25-30 mingga qarab ketadi.

Hozir pichoqqa yaraydigan buqani 7 million so‘mga olsa bo‘ladi. Undan kichigini yillab boqish kerak. 7 million so‘mga olsangiz, 5-6 oy boqasiz. Yarim yil boqsangiz, hisoblab ko‘ring, bir kunda 20 mingdan sarf bo‘lganda ham, bir oyda 600 ming, 5 oyga hisoblagan taqdiringizda ham 3 million so‘m bo‘ladi. 7 million so‘mga olgan molingiz tayyor bo‘lgach, 10 millionga tushadi. O‘sha molni bozorga olib chiqsangiz 8-8,5 million so‘m narx beradi.

Pul yo‘q bo‘lib ketmasin, deb boqib turiladida. Hech bo‘lmasa go‘ngi foydaga qoladi-ku? Go‘ngi sotilmaydiku-ya, hech bo‘lmasa uyni isitishga ishlatiladi, ko‘mirning tonnasi falon pul bo‘layotgan paytda. Men, masalan, qachon ko‘mir yoki o‘tin sotib olganimni eslay olmayman. Uy ichi qorayadimi, tutab ketadimi, tezak-pezak qilib kun kechiriladi.

Shahar sharoitida uzog‘i bilan 4tagacha sigir boqishingiz mumkin, undan uyog‘iga qiynalib qolasiz», dedi u.

Xashak bozori sotuvchisi Nasriddin Nabiyev bugungi kunda bozordagi yem-xashak narxlari haqida ma'lumot berdi.

Nasriddin Nabiyev

«Mana, sheluxa, kunjara hammasi o‘zimizdan chiqadi, 1 kilosi 3500 so‘m. Bir qop kepagimiz 57 ming so‘m. Shuning narxini tushirib beringlar. Masalan, presslangan yeryong‘oq poyasini 22 mingdan sotyapmiz. Presslangan beda — 30 ming, presllangan somon — 20 ming, presslangan poxol — 12 ming so‘mdan bo‘lyapti», deydi sotuvchi.

Namangan shahri Taxtako‘prik xashak bozorida yem-xashak narxlari quyidagicha:

  • Presslangan beda (dona) – 30 ming so‘m;
  • Presslangan yeryong‘oq poyasi (dona) – 20 ming so‘m;
  • Presslangan somon (dona) – 20 ming so‘m;
  • Presslangan poxol (dona) – 12 ming so‘m;
  • Kunjara (1kg) – 3 500 so‘m;
  • Bug‘doy yemi (1kg) – 2 300 so‘m;
  • Sheluxa (1kg) – 3 500 so‘m.

Bundan tashqari, aksariyat qassoblar ijara asosida ishlashi, mahsulotlarini saqlash uchun sovutgichlar ishlatishi va soliq to‘lashi hamda bunga qo‘shimcha tarzda narxlar davlat tomonidan nazoratga olinishi qassoblar faoliyati to‘xtab qolishiga ham olib kelishi ta'kidlandi.

Shuningdek, har bir qoramolni oyda bir marta veterinar ko‘rigidan o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Bu ham go‘sht tannarxiga qo‘shimcha bo‘lib qo‘shiladi.

Top