“Yem-xashakka ketgan pullarni chiqarib olish ham osonmas” – uyida qoramol boqayotgan chorvadorlar
O‘zbekistonda 2025 yilning boshidan buyon go‘sht narxlari sezilarli oshdi. So‘nggi haftalarda hududlarda suyakli mol go‘shti chakana savdoda 140 ming co‘mgacha ko‘tarildi. Yem mahsulotlari narxi tobora oshib borayotgan, chorva uchun yaylovlar qisqarayotgan bir paytda uy sharoitida novvosni yemlab semirtirib sotayotgan farg‘onalik chorvadorlarga mikrofon tutdi.

Kattagina yeri bo‘lgan Kabirjon G‘ofurov har bir qoramoli uchun bir kunda o‘rtacha 70 ming so‘mlik yem berishini aytdi.

“Qoramol boqish oson emas, ayniqsa yem narxi tobora oshib borayotgan bir paytda. 15-20 million so‘mga novvos olasiz. Unga yem, xashak olish kerak. Agar yem mahsulotlarining hammasini sotib olsangiz [o‘zining xarajatini] qoplamaydi. Hech bo‘lmasa xashak o‘zingizdan chiqsa harna yordam bo‘ladi-da. Gektar bog‘im bor. Xashakni bo‘lsayam o‘zimdan chiqarishga harakat qilaman.
Odatda, bozordan urug‘likka qora simmental novvos olaman, uni o‘zimizning jaydari g‘unajinga qo‘shsak, tez yetiladigan novvos tug‘iladi. Ko‘proq ana shunday novvosni boqishga harakat qilaman. Chorvani ko‘proq o‘zingizdan chiqarsangiz, o‘zingizdan o‘t chiqib qolsa, ana shunda foyda bor. Aks holda go‘ngicha sotsangiz ham hatto o‘zining pulini ham chiqara olmaysiz.
Har yili kuzda kunjara sotib olaman, arzonroq. Hozir kunjara ham 6,5 ming so‘mga ko‘tarilib ketdi. Tobora novvos olib boqishning foydasi minusga qarab ketyapti. Bir qop kepak 80-85 ming so‘mga ko‘tarildi. Go‘sht qimmat deyishadi-yu, lekin o‘sha go‘shtni yetishtirib olish ham oson bo‘lmayapti-da.
Misol uchun, kunjara o‘tgan yilning sentabr oyida 4–4,5 ming so‘m edi. Yanvarning oxiri, fevrallarga borib 5–5,5 ming so‘m bo‘ldi. Mana hozir 6,5–7 ming so‘mga chiqib oldi. Kepak ham avval 50–55 ming so‘m edi, 60 ming so‘m bo‘ldi. Yanvarga o‘tib 70 ming so‘m bo‘ldi, hozir mana 85–90 ming so‘mga chiqib ketdi. Bug‘doydan kepak qimmat. Bug‘doy 3–3,5 ming so‘m, kepak ham bundan oshib ketyapti.
Oddiy misol, mana shu novvosni o‘tgan yilning oktyabr oyida 17 million so‘mga sotib olganman. Bir kunda ikki mahal 4 kgdan 8 kg kunjara yeydi. 3 kilodan kepak yeydi. Silos yeydi 10 kg. O‘rtacha hisoblaganingizda bir kunlik “rasxodi” 70 000 so‘mga boradi. Endi buni 10 oy boqsak 21 million bo‘lar ekan. Umumiy xarajat 38 million so‘m bo‘lyapti. Endi buni 45 million so‘mga sotamizmi, 42 milliongami nasib bo‘lgani bo‘ladi.
Agar yem arzon bo‘lsa, go‘sht narxi ham tushadi. Go‘sht narxini tushirsak, yem-xashak qimmat. Qoplamayapti bir-birini. O‘shaning uchun qimmat bo‘lib ketyapti-da.
Kunjara bermasangiz mollar semirmaydi. Kunjara olib beraman desangiz, qimmatlik qilib oshib ketyapti, tannarx oshib ketyapti. Nimadir qilish kerak. Yem narxini tushirmasak bo‘lmaydi”, – deydi u.
Novvosdan ko‘ra sigir boqish afzal...
Yana bir qoramol boquvchi Muxbirjon Abduvaliyevning aytishicha, aslida go‘sht yo‘nalishida mol boqishdan ko‘ra sigir boqish foydaliroq.

“5-6 oylik atrofidagi buqalarni sotib olamiz. Jonli vazni o‘rtacha 200 kg, 14-15 million so‘m atrofida bo‘ladi. Faqat zotli mol boqamiz. Olib, bir yil davomida boqamiz. Birinchi oylariga har bir mol 1 million so‘m atrofida “rasxod” qiladi.
Zotli molligining hisobiga har oy vaznini tortib boramiz. Bir oyda qancha yem yeyapti, qancha vazn qo‘shyapti. Hisob-kitobini qilib bormasangiz hisobda adashasiz. Qoramollarimz 1,5 yoshga borgandan keyin yegan yemiga yarasha vazn qo‘shmay qo‘yadi. Ana shu mahalda keyin go‘shtga topshirib yuboramiz.
Toza silos, toza yem berganimizning hisobiga o‘sha mol 700 kg bo‘ladi. Jonli vaznini o‘rtacha 60 000 so‘mdan hisoblaydigan bo‘lsangiz, 40–42 million so‘m pul bo‘ladi. Go‘sht narxi ko‘tarilishining hisobiga foyda bor xolos. Agar go‘sht ko‘tarilmaydigan bo‘lsa, novvos boqishdan foyda yo‘q. Sigir boqqan yaxshi. Bitta sigir to‘rtta novvosning foydasini keltiradi. Undan sut sog‘ib sotasiz. Har yili bolasi yonga qoladi.
Chorvadorlarga yer ajratiladigan bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi. Shunda yem narxi tushishining imkoni topilarmidi?”
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.
Tavsiya etamiz
40 daraja issiq: bunaqa paytda xodimlar qanday huquqlarga ega?
Jamiyat | 17:15 / 03.07.2025
Issiqdan qanday saqlanish kerak? – JSST tavsiyalari
O‘zbekiston | 16:06 / 02.07.2025
Nima uchun Koreyani tanlash yoki tanlamaslik kerak? | SUBYEKTIV
Jamiyat | 19:02 / 30.06.2025
Urush tugadi, endi Isroil va Eron nima qiladi?
Jahon | 12:02 / 30.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Namibiya iqtisodiy tejamkorlik maqsadida davlat dafn marosimlari bekor qilindi
Jahon | 00:30
-
Bloomberg: Germaniya 1000 tagacha Leopard 2 tanklarini xarid qiladi
Jahon | 00:11
-
Farg‘onada YPX xodimlari Malibu’ning jarimalarini asossiz bekor qilib kelgani aniqlandi
O‘zbekiston | 23:53 / 04.07.2025
-
AQShda xatolik tufayli 400 yilga qamalgan erkakka 1,7 mln dollar kompensatsiya to‘landi
Jahon | 23:34 / 04.07.2025
Mavzuga oid

19:40 / 28.06.2025
O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan 2 ming tonna «halol» ot va qo‘y go‘shti sotib oladi

15:34 / 19.06.2025
O‘zbekiston bozoriga Belarusdan mol go‘shti maqbul narxlarda yetkazib berilishi mumkin

10:37 / 16.06.2025
"Go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi barqaror bo‘lishi shart" - prezident

22:48 / 09.06.2025