22:34 / 27.10.2020
2214
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi BMT jamg‘armasi ko‘magida fuqarolar uchun ishonch telefonini ishga tushirdi

Bugun, 27 oktabr kuni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining fuqarolar murojaatlari uchun «1146» qisqa raqamli ishonch telefoni ishga tushirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati vakili Arofat Soliyeva Kun.uz’ga xabar berdi.

Foto: Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi

Ta'kidlanishicha, ishonch telefoni orqali fuqarolarning murojaatlari, savol va takliflari onlayn shaklda, 24 soat davomida uzluksiz qabul qilinadi. Bu esa o‘z navbatida aholi bilan muloqot jarayonlarini soddalashtirish va murojaatlarni tezkor hal qilish imkoniyatini yaratadi.

Xabarda aytilishicha, murojaatlar bilan ishlovchi «Ma'lumotlar markazi»ning ish tartibi quyidagi jarayonlarni o‘z ichiga oladi:

Fuqaro «1146» qisqa raqamli Ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilganda o‘sha vaqtning o‘zida o‘rnatilgan tartibda «O‘zbektelekom» Aksiyadorlik kompaniyasi tarkibida ish olib boruvchi 10 nafar operator xodimlar tomonidan murojaat mazmuni, murojaat qilgan fuqaro to‘g‘risidagi ma'lumotlar yozib olinadi va tegishli tartibda rasmiylashtiradi.

Shundan so‘ng murojaat elektron tizim orqali Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi «Ma'lumotlar markazi»iga yuboriladi.

Markaz operatorlari tomonidan murojaatlar birinchi navbatda tahlil qilinib, o‘sha kunning o‘zida «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablari asosida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

«1146» qisqa raqamli ishonch telefoni zo‘ravonlik qurboniga aylangan yoki haq-huquqlari toptalayotgan xotin-qizlar va bunga guvoh bo‘lgan boshqa fuqarolarning murojaatlarini ham qabul qiladi. Bunda murojaat holatiga qarab xotin-qizlarga zarur psixologik, huquqiy hamda tibbiy ko‘mak beriladi.

Murojaatchi xotin-qizlarning shaxsi va murojaat mazmuni esa sir saqlanadi.

Arofat Soliyevaga ko‘ra, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining ko‘magi bilan tashkil qilingan bu ishonch telefoni orqali tizimdagi byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, muammolarni mahallabay o‘rganish va murojaatlarni mahallabay hisobini yuritish amaliyotini joriy qilish rejalashtirilmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, 2020 yilning oktabr oyiga qadar vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslardan jami 150 ming 156 ta murojaat kelib tushgan.

Respublikaning chekka hududlarida yashovchi ko‘plab fuqarolar mahalliy hokimlik darajasida hal qilinishi mumkin bo‘lgan muammolarini hal qilish maqsadida uzoq yo‘l bosib, ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab poytaxtga murojaat qilib kelmoqda. Buni esa vazir va vazirlik rahbariyatining shaxsiy qabulida bo‘lgan 2 ming 450 nafar fuqaro murojaatlarida ko‘rish mumkin.

Top