20:57 / 27.10.2020
3652
Shakar zavodidan bo‘shatilganlarni ish bilan ta'minlash masalalari muhokama etilmoqda – Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati «Angren shakar» MChJ yopilishi va xodimlar ishdan bo‘shatilishi bilan bog‘liq holat yuzasidan bayonot berdi.

Foto: ukrsugar.com

Ma'lum qilinishicha, «Angren shakar» korxonasi 5 oydan buyon faoliyat ko‘rsatmayapti. Ayni damda 150dan ortiq ishchi-xodim ishdan bo‘shatilgan. Qolganlar bilan ham kelgusida korxona ish faoliyati tiklangach, qayta ishga olish sharti bilan mehnat shartnomalari bekor qilinmoqda.

«Ijtimoiy tarmoqlarda «Angren shakar» mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan xodimlar ommaviy ravishda ishdan bo‘shatilayotgani bilan bog‘liq ma'lumotlar tarqaldi. Mazkur holat viloyat hokimligi axborot xizmati va OAV vakillari bilan birgalikda joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Korxona ish faoliyatini to‘xtatgani alohida yondashuvni talab qilishi, boz ustiga, masalaning mohiyatida bozor iqtisodiyoti tamoyillari, chunonchi, talab va taklif qonuni turganini inobatga olib, ayni paytda muammoning bu jihatiga to‘xtalmaymiz. Biz bu o‘rinda, korxona faoliyat olib bormagan davrda unda mehnat qilayotgan 600 nafardan ziyod ishchi-xodimlar taqdiri haqida so‘z yuritamiz.

Mazkur korxona qariyb 5 oydan buyon faoliyat ko‘rsatmasdan kelmoqda. Lekin shunga qaramasdan, shu vaqtga qadar ishchi-xodimlarga oylik maosh to‘lab kelingan. Ayrimlari esa haq to‘lanmaydigan ta'tilga chiqarilgan.

Hozirgi vaqtga kelib, korxona tomonidan o‘zaro kelishuv asosida, ya'ni kelgusida korxona ish faoliyatini tiklagach, qayta ishga olish sharti bilan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinmoqda.

Ayni damda 150dan ortiq ishchi-xodim ishdan bo‘shatilgan, ularning barchasiga kompensatsiya pullari to‘lab berilgan. Ishdan bo‘shatishlar, haq to‘lanmaydigan mehnat ta'tillari yana davom etishi mumkin.

Ayni paytda Ohangaron shahar va tuman hokimligi vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni ish bilan ta'minlash bo‘yicha dastlabki rejalarni muhokama qilib, takliflar tayyorlanmoqda. Bunda, asosan, sanoat va ishlab chiqarishda ma'lum tajribaga ega bo‘lgan ishchilarni o‘z sohasiga yaqin bo‘lgan ishlab chiqarish obektlariga ishga joylashtirish nazarda tutilmoqda.

Bugun Ohangaron tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Mirshohid Miryunusov, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 4-sektor rahbari Anvar Mo‘minov mazkur korxonada bo‘lib, ishchilar va rahbarlar bilan suhbatlashdi.

Korxonadan bo‘shatilgan ishchi-xodimlarga 15 kun muddatda yangi ish o‘rinlari taklif etish bo‘yicha xulosa tayyorlanayotgani haqida axborot berildi», deyiladi bayonotda.

«Angren shakar» va «Xorazm shakar» mas'uliyati cheklangan jamiyatlari ommaviy ravishda xodimlarini ishdan bo‘shatishni boshlagani xabar qilingandi. Bunga apreldan shakar importiga bojxona to‘lovlari va aksiz solig‘i stavkalari nolga tenglashtirilishi oqibatida mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgani sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Top