O‘zbekiston | 17:33 / 08.09.2021
14945
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimining ikki o‘rinbosari uchun “Malibu” va “Tracker” avtomobillari sotib olindi

Toshkent viloyati hokimligi bittadan “Chevrolet Malibu” va “Chevrolet Tracker” avtomobillari sotib olishga 610 mln so‘m sarflamoqda. Hokimlik ixtiyoridagi avtotransport vositalaridan 5 tasi muddatidan oldin nosoz holga kelib qolgan.

6 sentabr kuni Toshkent viloyati hokimligi 369 million so‘mlik 1 dona “Chevrolet Malibu” hamda 232 million so‘mlik 1 dona “Chevrolet Tracker” xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzoladi.

Hokimlik bu xaridlarni “viloyat hokimi o‘rinbosarlarining ish faoliyati samaradorligini oshirish, bevosita hududlarga chiqish bilan bog‘liq ishlarni unumli tashkillashtirish” zarurati bilan izohladi.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda Toshkent viloyati hokimligi uchun Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida 18 ta xizmat avtotransportlari ajratilgan. “Viloyat nisbatan katta va uning salmoqli qismi tog‘li hududlardan iborat bo‘lgani uchun mavjud avtotransport vositalarining 5 tasi muddatidan oldin texnik nosoz holga kelgan. Ularning xizmatga yaroqsizligi bo‘yicha tegishli tartibda dalolatnomalar tuzilgan”, – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bittadan “Malibu” va “Tracker” xaridi uchun viloyat mahalliy budjetining 2021 yil II chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan 610 mln so‘m ajratilgan. Bu haqda Toshkent viloyati hokimining joriy yil 26 avgustda tegishli farmoyishi qabul qilingan.

Kuni kecha Davlat bojxona qo‘mitasi 7,3 milliard so‘mga 76 ta avtomobil sotib olgani ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid