20:36 / 28.10.2020
64524

Eng kamyob kasalliklar

Sog‘lom turmush tarziga amal qilish, zararli odatlardan yiroq yurish, shifokor ko‘rigidan muntazam o‘tib turish salomatlik uchun juda zarurligi bot-bot takrorlanadi. Ammo shunday kasalliklar borki, bu choralarning birortasi ularning oldini ola bilmaydi. Yaxshiki, bu kasalliklar juda kam uchraydi va chuqur tadqiqotlar olib borilishiga qaramay hanuz samarali davosi topilmagan.

Foto: Global Look Press/Christian Vorhofer

Morgellon kasalligi

Bu kasallikni 2002 yilda amerikalik shifokorlar rasman qayd etdilar. Kasallik kechishining o‘ziga xos xususiyati shundaki, bemor o‘z terisi ostida yuzlab hasharotlar, chuvalchanglar va turli qurtlar yurgandek his qiladi hamda buning sababini sira tushuntira olmaydi.

Dastlab shifokorlar bu holatga psixik muammo sifatida qaraganlar, ammo bemorlar terisidagi qichishish, shishlar, qizarishlar va mushaklarning uzluksiz qisqarishi kuzatilganidan keyin yanada ko‘proq o‘rganishga majbur bo‘lganlar.

2012 yilga kelibgina bu belgilar ruhiy kasallik belgilari ekanligi bo‘yicha uzil-kesil xulosaga kelindi.

Xatchinson kasalligi (progeriya)

Progeriya yoki Xatchinson kasalligi — kamyob kasalliklar orasida eng mashhuri. Tug‘ma genetik anomaliya tufayli bu kasallikka chalingan insonlar me'yordagiga nisbatan 8 barobargacha ko‘proq tezlikda qariy boshlaydilar. Ammo e'tiborli jihati, tana har qancha keksaymasin, aql bolalikdagicha qoladi.

Aksariyat hollarda bunday bolalar 12-13 yoshgacha nobud bo‘ladilar. Biroq Yaponiyada bu kasallikka chalingani holda 45 yoshgacha yashagan inson ham bor. Dunyo bo‘yicha 80taga yaqin qayd etilgan bu kasallik o‘g‘il bolalarda qizlarga nisbatan ikki barobar ko‘p uchraydi.

Bunday bemor O‘zbekistonda, Andijon tumanida ham bor.  

Baliq hidi sindromi

Bu kasallik nisbatan ko‘p uchraydi, balki mana shu satrlarni o‘qiyotgan mushtariylar orasida ham kimdir badanidan baliq hidi anqib turadigan odamni uchratgan ham chiqar. Sindrom ham holatni aynan ifodalagan holda nomlangan – baliq hidi sindromi (fan tilida — trimetilaminuriya).

Bu genetik patologiyaning o‘ziga xos jihatida jigar trimetilaminlarni qayta ishlay olmay qoladi. Bu modda o‘tkir va yoqimsiz hidi bilan ajralib turadi. Natijada butun tanadan badbo‘y taralib turadi. Bu kasallikning ham samarali davosi topilmagan.

Og‘riqni sezmaslik

Bir qarashda muammo emasdek tuyiladigan bu sindrom ham inson uchun juda xavflidir. Bu, ayniqsa, bolalarda og‘ir kechadi. Suyaklari sinar darajada yiqilgan bolalar ham bu kasallik tufayli jilmayib turaverganlari qayd etilgan. Dunyo bo‘yicha bir necha yuz shunday insonlar mavjud. Odatda yosh ulg‘aygani sari og‘riq paydo bo‘ladi va katta yoshlilarda deyarli uchramaydi.

Kuru kasalligi

Yangi Gvineyadagi fore qabilasida ko‘p uchrovchi bu kasallik juda og‘ir va shiddatli kechadi. Uning davosi topilmagan. Bemor dastlab juda kuchli bosh og‘rig‘idan aziyat chekadi, keyin immunitet keskin tushib ketadi, eng og‘ir belgisi sifatida asab hujayralarining yemirilishi kuzatiladi va buning asorati sifatida oyoq-qo‘llar insonga bo‘ysunmay qoladi.

Bemor odatda bir yil ichida kuchli og‘riqlardan azoblanib, yurak va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etadi.

Patologik uyqusizlik

Uyqusizlik tufayli o‘lim topish mumkinligini tasavvur qilish qiyin. Ammo kamyob kasallik sifatida qayd etiluvchi patologik uyqusizlik ko‘p hollarda o‘limga olib keladi. O‘tgan asrning yetmishinchi yillaridan boshlab o‘rganila boshlangan bu kasallik sababchisi 20-xromosomadagi mutagen jarayonlar ekanligi aniqlangan.

Kasallik yarim yildan bir necha yilgacha davom etishi mumkin. Bir necha o‘n kishida qayd qilingan bu kasallikka chalinganlar odatda organizmning haddan ziyod toliqishidan vafot etadilar.

Abror Zohidov

Top