21:29 / 29.10.2020
9822
3 mingdan ortiq kishi ishga yuborilgan, 9 mingdan ortiq kishi chuv tushirilgan – XBAlar faoliyati tahlil qilindi

2019-2020 yillarda xususiy bandlik agentliklari tomonidan 3214 nafar o‘zbekistonlik  turli davlatlarga ishlash uchun yuborilgan bo‘lsa, 9338 nafar shaxsning 79,1 milliard so‘mga yaqin pul mablag‘lari firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib olingan.

28 oktabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida qator vazirlik va huquq organlari mutasaddilari hamda xususiy bandlik agentliklari rahbarlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Vazirlik saytida ma'lum qilinishicha, uchrashuvda «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunning shu yil 13 noyabrdan kuchga kirishi munosabati bilan kelgusida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish, uning mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish va xususiy bandlik agentliklarining o‘tgan davrdagi faoliyati kabi masalalar muhokama qilingan. 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati

Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarida ishtirok etayotgan fuqarolarning chet elda ishlab kelish zarurati va omillari tahlil qilinib, ularning mehnati evaziga turmush darajasini ko‘tarish masalalariga alohida e'tibor qaratilayotgani ham alohida ta'kidlangan.

«Bu borada O‘zbekistonda 103 ta xususiy bandlik agentligi reyestr ro‘yxatidan o‘tgan. Ularning 75 tasiga esa faoliyat yuritish uchun tegishli litsenziya berilgan va hozirda 25 ta XBA ushbu litsenziya asosida faoliyat yuritmoqda», – deyiladi xabarda.

Ma'lum bo‘lishicha, 2019-2020 yillarda mazkur bandlik agentliklari tomonidan 3214 nafar o‘zbekistonlik fuqarolar Rossiya, Turkiya, Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya, BAA, Belarus, Yaponiya, Qozog‘iston, Ukraina va Qatar kabi davlatlarga ishga joylashtirilgan. Ammo agentliklar tomonidan litsenziya talablari va shartlarini jiddiy tarzda buzish holatlari ham uchramoqda. Buning natijasida ko‘plab fuqarolarga katta miqdordagi moddiy zarar yetkazilgan.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda 11 ta XBAning 51 nafar rahbar va mas'ul xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Mazkur XBAlar tomonidan jami 9338 nafar fuqarodan 79,1 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘lari firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib olingan. 

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, kelgusida XBA tomonidan jinoiy harakatlarning oldini olish maqsadida «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunning mazmun mohiyati xususiy bandlik agentliklari rahbarlariga batafsil tushuntirildi», – deyiladi vazirlik xabarida.

Top