16:05 / 30.10.2020
5587
Pentagon qit'alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi

Raketaning kallak qismi 6,7 ming kilometr masofani bosib o‘tgan va Tinch okeanidagi Kvajaleyn atollidagi nishonni yo‘q qilgan.

Minuteman III qit'alararo ballistik raketasi Foto: William Collette

AQSh mudofaa vazirligi Minuteman III qit'alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda AQSh harbiy-havo kuchlari global zarba berish qo‘mondonligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, raketa Kaliforniya shtatidagi Vandenberg aviabazasi shaxtasidan uchirilgan. Raketaning kallak qismi 6,7 ming kilometr masofani bosib o‘tgan va Tinch okeanidagi Kvajaleyn atollidagi nishonni yo‘q qilgan.

"Sinovlar qit'alararo raketalar tizimi aniq va ishonchli ishlashini tasdiqlamoqda", - deyiladi xabarda.

Minuteman III raketalari qurollanishga qariyb 50 yil ilgari qabul qilingan. 

Amerikalik ekspertlarning ma'lumot berishicha, AQSh qurolli kuchlari ixtiyorida 400 dona Minuteman III raketasi bo‘lib, ularga quvvati 300 yoki 335 kilotonna bo‘lgan bittadan yadroviy zaryad o‘rnatilgan.  

Pentagon 2036 yilda Minuteman III raketalarini yangi raketalarga almashtirishni rejalashtirgan.

Top