16:49 / 31.10.2020
14463
«Katta pulga avtomashina sotib olgan odam uning sifatli bo‘lishini ham xohlaydi» – muhandis

Innovatsion rivojlanish vazirligida “Avtomobilsozlikdagi dolzarb muammolar va innovatsiyalar” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminardan sohadagi mavjud muammolarga yechim sifatida qator loyihalar taqdimoti ham joy oldi. Jumladan, avtomashinalardagi nuqsonlarning oldini olishga mo‘ljallangan kontaksiz koordinata o‘lchov qurilmasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Loyiha mualliflaridan biri bo‘lgan Turin Politexnika universiteti mexatronika markazi rahbari Komil Muhsinov qurilma haqida ma'lumot berdi.

“Mashinalardagi eshiklarning yopilishi yoki komponentlar orasidagi masofalarni o‘lchashdagi xato sababli yuzaga kelgan nuqsonlar ko‘cha shovqinining ichki kuzovga kirishi, yoqilg‘i sarfining ortishi va shu kabi ko‘plab salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Yuqoridagi nuqsonlarga asosiy sabab mashinalar tekshiruvida operator bajargan ishni operator tekshirishi hisoblanadi. Bu noto‘g‘ri deb hisoblaymiz. Katta pulga avtomashina sotib olgan odam uning sifatli bo‘lishini ham xohlaydi“, - dedi Komil Muhsinov Kun.uz muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarishdagi ushbu xatolarning oldini olish maqsadida kontaksiz koordinata o‘lchov qurilmasi yaratildi. Qurilma lazer orqali mashina eshiklari va komponentlar orasidagi vertikal hamda gorizontal masofani o‘lchaydi.

Agar oraliq masofa qo‘yilgan standartlardan ko‘payib yoki kamayib ketgan bo‘lsa, u ushbu axborotni ma'lumotlar bazasiga uzatadi. Qurilma dastlab yarim avtomat shaklida bo‘lib, operator u bilan oraliq masofalarni o‘lchaydi. Keyinchalik esa jarayon to‘liq avtomatlashtirilib, tekshiruv va o‘lchash ishlari butunlay robotlar tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yangi xarid qilingan mahalliy avtomobillarning ba'zi modellari yuzasida gorizontal va vertikal farqlar mavjudligi, eshiklar yopilishi, yoritish tizimidagi nuqsonlar aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Top