14:53 / 03.11.2020
20088
GTL zavodidagi norozilik yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Rahbarlar hech kim jazolanmasligi haqida gapirgandi

GTL zavodi qurilishida qatnashayotgan mingdan ortiq ishchilar tomonidan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning 21 oktabr tongida «UZBEKISTAN GTL» zavodi ishchilari norozilik bildirib, zavod mulkiga zarar yetkazgani aks etgan videolar tarqalgandi.

Ushbu to‘polonda ishchilar zavodga 480 million so‘m zarar yetkazgani haqida xabar bermoqda Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati.

Zavodda o‘rnatilgan tartib-qoidadan norozi bo‘lib bezorilik qilganlarga nisbatan viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi «v» bandi va 277-moddasi 2-qismi «b, v, ye» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, ishchilar eshik va deraza romlarining oynalarini tosh va temir jismlar bilan urib sindirgan, yaroqsiz holatga keltirgan. Xodimlarning xizmat xonalariga kirib, 19 turdagi 14 mln 320 ming so‘mlik kuzatuv kameralari, 9 dona har xil turdagi 4 mln 365 ming so‘mlik yozuv stollari, 27 mln 777 ming so‘mlik konditsionerga – korxonaning hammasi bo‘lib 480 mln so‘mlik mol-mulkiga shikast yetkazgan. 

Korxonaning videokuzatuv kameralaridagi videolar ko‘zdan kechirilib, holatga aloqador bo‘lgan ishchilar jinoyat ishi doirasida guvoh tariqasida so‘roq qilingani haqida xabar bergan Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, ishchilar norozilik bildirgan kuni Kun.uz muxbiri hodisa joyida bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgangandi.

OAV vakillari bilan suhbatda «ERIELL» kompaniyalar guruhi boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilov hamda «Enter Engineering Pte.Ltd.» kompaniyasining GTL loyihasi direksiyasi direktori Shuhrat Arziyev vaziyatga izoh berib, tartibsizlik natijasida keltirilgan zarar xodimlarning hisobidan qoplanmasligi va biror kishi ishdan bo‘shatilmasligini ma'lum qilgandi.

«Ayni vaqtda zavodga keltirilgan zarar haqida o‘ylamayapmiz. Tartibsizlikda qatnashgan ishchilarimizga ham qandaydir chora ko‘rish niyatimiz yo‘q. Chunki bugun har bir ishchining zavodimiz qurilishida o‘z hissasi bor. Ularning talablarini qondiramiz», – degandi Shuhrat Arziyev.

Ma'lum bo‘lishicha, yuz bergan tartibsizliklarda mingga yaqin ishchi qatnashgan.

Top