Internet “Farg‘onada sanoat korxonalaridan gaz uzib qo‘yilishi natijasida 10 minglab aholi ishsiz qolmoqda, ular gaz ulab berilishini so‘rab, ko‘chaga chiqishmoqda” sarlavhali videoxabar Farg‘ona viloyati IIB tomonidan o‘rganib chiqildi.

O‘zbekiston tumani Sho‘rsuv MFYdagi “Sho‘rsuv” sanoat zonasida joylashgan “Albus” gips ishlab chiqaruvchi zavod tabiiy gazdan uzilgani sababli, zavodda ishlovchi ishchilar videomurojaat orqali o‘z e’tirozlarini bildirishgan.

Viloyat IIB axborotiga ko‘ra, respublika bo‘ylab havo haroratining pasayishi va energiya taqchilligi munosabati bilan sanoat korxonalariga gaz yetkazib berish qat’iy cheklangan.

Bu choralar qatorida Sho‘rsuv shaharchasidagi “Albus Cement Group” zavodidan tashqari, mazkur hududdagi “Turon Eko Tsement”, “Turon PFK”, “Shaffofsement sanoat”, “Qurilish ashyo sifat” MChJlarga qarashli ishlab chiqarish korxonalari ham Vazirlar Mahkamasining tegishli bayonnomasiga asosan 2022 yil 27 noyabr kuni tabiiy gaz tarmog‘idan muhrlash yo‘li bilan uzilgan. Gazni uzish yuzasidan asoslar mazkur zavod va gaz yetkazib beruvchi korxona o‘rtasida tuzilgan shartnomada ham ko‘rsatilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 29 noyabr kuni tuman gaz idorasi mas’ul xodimlari tomonidan “ALBUS” zavodiga ulangan gaz tarmog‘i tekshirilganda, bu zavod o‘zboshimchalik bilan gaz tarmog‘iga qayta noqonuniy ulanib olgani aniqlangan va dalolatnoma tuzilib, gaz quvuridan yana bir bor kesib qo‘yilgan.

“Yuzaga kelgan obektiv murakkab sharoitni to‘g‘ri tushungan holda “Albus Cement Group” dan tashqari boshqa yuqoridagi korxonalar muqobil yoqilg‘i (ko‘mir)ga o‘tishgan.

Shunday bo‘lsa-da, gaz yetkazib berishdagi obektiv holatdan zavod direktori, boshqaruvchilarning ham to‘liq xabari bo‘lib turib, 6 dekabr kuni zavod ish yurituvchisi A.T. va 20 ga yaqin ishchilari zavod faoliyati to‘xtaganidan noroziligini bildirish uchun oldindan qilingan reja va taklif qilingan uchinchi shaxslar ishtirokida namoyish tashkillashtirilgan.

Ushbu namoyishda xodimlar kelishuvga ko‘ra atayin ehtirosli so‘zlar, chalg‘ituvchi gaplar va keskinlik yordamida, shuningdek haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotlar orqali o‘z murojaatlarini yetkazishgan va videomurojaat oldindan ushbu holatni tasvirga olishga taklif qilingan insonlar ishtirokida Telegram-tarmog‘idagi “Olimjon Haydarov” kanalida e’lon qilingan”, – deyiladi IIB axborotida.

IIB yuqoridagi harakatlarni “fuqarolarning osoyishtaligini buzishda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik” va “namoyishlar o‘tkazish tartibini buzish” deb huquqiy kvalifikatsiya qilgan.