12:24 / 05.11.2020
8388
Bojxonachilar ko‘mir ostiga yashirilgan yirik miqdordagi tovarlarni fosh etishdi

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari respublika hududiga ko‘p miqdordagi tovar moddiy boyliklarini bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga doir navbatdagi nayrangga chek qo‘yishdi.

“O‘zbekiston” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasiga hujjatlarga ko‘ra 25 tonna ko‘mir ortilgan bo‘lishi lozim edi.

Ammo tezkor kuzatuvga olingan mazkur yuk avtotransport vositasi ko‘mirni bojxonada rasmiylashtirish uchun “Vodiy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga borish o‘rniga manzilni o‘zgartirdi va Quva tumaniga tomon harakatlana boshladi. Shundan so‘ng tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan kuzatuvga olingan mazkur avtotransport vositasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, avtotransportning o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishi sabablari oydinlashadi. Chunki tirkamadagi ko‘mir ostiga hujjatlarda umuman qayd etilmagan 67 turdagi tovarlar yashirilgan ekan.

Ular sirasiga 1560 dona sifati kafolatlanmagan bolalar ozuqasi, 92 dona changyutgichlar, 2518 dona kiyim-kechaklar, salkam 12 ming dona ichimliklar, 990 metr uzunlikdagi gazlama, 609 dona avtomobil ehtiyot qismlari va boshqa tovarlar kiradi.

Ko‘mir ostiga yashirgancha olib kirish rejalashtirilgan mazkur tovarlarning umumiy qiymati 901,5 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Top