20:06 / 10.11.2020
3777
Shavkat Mirziyoyev ShHT mamlakatlarini Afg‘onistondagi tinchlik jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tgan yig‘ilishda, shuningdek, Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Imron Xon, Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin, Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi, bosh vaziri Sadir Japarov, Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Hindiston Respublikasi bosh vaziri Narendra Modi ishtirok etdi.

Bundan tashqari, sammit ishida ShHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlar vakillari – Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf G‘ani, Mo‘g‘uliston prezidenti Xaltmaagiyn Battulg‘a, Eron Islom Respublikasi prezidenti Hasan Ruhoniy, Belarus Respublikasi bosh vaziri Roman Golovchenko hamda ShHT bosh kotibi Vladimir Norov va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Jumaxon G‘iyosov qatnashdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish sammit ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi.

Uchrashuv kun tartibiga muvofiq yangi global xatar va tahdidlarning kuchayishi sharoitida ShHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tashkilotga a'zo va kuzatuvchi maqomidagi davlatlar delegatsiyalarining rahbarlari ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama munosabatlarning bugungi holatini tahlil qilib, ularni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti nutq so‘zlar ekan, Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘z taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turganini alohida ta'kidladi.

O‘zbekiston prezidenti sammit ishtirokchilarini Afg‘onistondagi tinchlik jarayonlarini va ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb etishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Shu munosabat bilan «ShHT-Afg‘oniston» muloqot guruhi doirasida Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tez fursatda qabul qilish taklif etildi. Afg‘onistonga uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lab turuvchi ko‘prik sifatidagi tarixiy rolini qaytarishga xizmat qiladigan transport yo‘laklarini barpo etish tashabbuslariga alohida e'tibor qaratildi.

«Bugun Afg‘onistonda uzoq kutilgan tinchlikka erishish bo‘yicha tarixiy imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik har qachongidan muhimdir.

Ushbu mamlakatdagi xavfsizlik va tinchlik masalasiga butun ShHT mintaqasining barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyotini ta'minlashning muhim tarkibi qismi sifatida qaralishi lozim.

Xalqaro hamjamiyat, shu jumladan ShHT mamlakatlarining sa'y-harakatlari tufayli Afg‘onistonda nizoni tinch yo‘l bilan tartibga solishda umid bag‘ishlovchi istiqbollar ko‘rinmoqda.

Tinchlikka erishish, Afg‘oniston xalqiga iqtisodiy yordam ko‘rsatish yo‘lidagi ushbu ijobiy intilishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun sa'y-harakatlarni birlashtirish muhimdir.

Ishonchim komilki, Afg‘onistonning mintaqaviy savdo-iqtisodiy jarayonlarga jalb etilishi ham ushbu mamlakatning tinch, barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Shu munosabat bilan «ShHT-Afg‘oniston» muloqot guruhi doirasida Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tez fursatda ishlab chiqish va qabul qilish tarafdorimiz.

Afg‘onistonga uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lab turuvchi ko‘prik sifatidagi tarixiy rolini qaytarishga xizmat qiladigan transport yo‘laklarini barpo etish tashabbuslari ShHTning barcha mamlakatlari uchun yangi istiqbollar ochadi.

Shu va boshqa masalalarni 2021 yil aprel oyida Toshkentda o‘tkaziladigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Xatar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiyasida muhokama qilishni taklif etaman.

Shu bilan bir qatorda kelgusi yilda, Tashkilotimiz tashkil etilganining 20 yilligi arafasida, «ShHTning zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimidagi roli» xalqaro konferensiyasini o‘tkazish taklifini ilgari surmoqchiman», degan Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston tashabbusi bilan 2021 yilning aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Xatar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiyasining kun tartibiga kiritilishi mumkin.

Sammit yakunida ShHTga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining Moskva deklaratsiyasi qabul qilindi hamda tashkilot doirasidagi o‘zaro manfaatli ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar to‘plami imzolandi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan sammitda ShHTga a'zo davlatlar rahbarlarining Raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bayonoti qabul qilindi.

Top