11:11 / 13.11.2020
8381
Tramp 2024 yilgi prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkin 
Foto: The New Yorker

AQSh prezidenti Donald Tramp 2020 yilgi prezident saylovlarida Jo Bayden g‘alaba qozongani rasman tasdiqlansa, 2024 yilgi saylovlarda ishtirok etishini e'lon qilishi mumkin. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib The New York Times nashri xabar berdi. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Trampning ba'zi maslahatchilari prezident joriy haftaning oxirigacha o‘z mag‘lubiyatini tan olishi mumkinligini ma'lum qilishgan. Biroq Trampning bu borada qaror qabul qilishi Jorjiya shtatida ovozlar qayta hisoblanishi ortida cho‘zilishi mumkin. 

Ta'kidlanishicha, Tramp o‘z maslahatchilari bilan suhbatda Bayden g‘alabasi rasman e'lon qilinsa, 2024 yilgi prezident saylovlariga nomzodini ilgari surishi mumkinligini ma'lum qilgan. O‘sha vaqtga kelib Tramp 78 yoshda bo‘ladi. Suhbat chog‘ida Trampning ba'zi maslahatchilari unga 2020 yilgi saylovlar taqdirini o‘zgartirishga imkoniyat ozligini ma'lum qilishgan. Ularning aytishicha, amaldagi prezidentda saylovlar natijalari bo‘yicha da'volashish yuzasidan aniq strategiya yo‘q va u barchasi tugaganini anglamoqda. 

Shu bilan birga, amaldagi prezident joriy saylovlar natijalaridan qat'i nazar, respublikachi saylovchilar orasida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab olmoqchi.

AQSh tarixida prezident ikkinchi muddatga qayta saylana olmay, biroq 4 yil o‘tgach yana prezident bo‘lgan voqea avval bo‘lgan. AQShning 22-prezidenti,  demokrat Grover Klivlend 1888 yilda respublikachi Benjamin Garrisonga saylovlarni yutqazgan, biroq 1892 yilgi saylovlarda yana g‘alaba qozonib, prezident nomini o‘ziga qaytara olgan. Klivlend AQSh tarixida bunga erishgan yagona prezident hisoblanadi.

Top