22:30 / 14.11.2020
11876
Pentagonning yangi rahbari AQSh ishtirokidagi barcha urushlarni tugatish kerakligini aytdi

Kristofer Millerning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Afg‘onistonda shunday vaziyat paydo bo‘ldiki, Amerika kuchlari "yetakchilikdan qo‘llab-quvvatlovchi roliga o‘tishi kerak".

Mark Esperning iste'fosidan so‘ng Pentagon rahbari vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Kristofer Miller AQSh ishtirokidagi barcha urushlarni tugatish kerakligini aytdi. Bu haqda The Hill gazetasi xabar berdi.

Nashr Pentagon xodimlariga yo‘llangan memorandum matnini keltirgan.

"Biz tinmasdan urush qiladigan xalq emasmiz, bu biz tarafdori bo‘lgan va ajdodlarimiz kurashgan barcha narsaga ziddir. Barcha urushlar tugashi lozim", - deb yozgan Miller.

U shuningdek, AQSh Afg‘onistondagi urushni yakunlash niyatida sobit ekanligini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Afg‘onistonda shunday vaziyat paydo bo‘ldiki, Amerika kuchlari "yetakchilikdan qo‘llab-quvvatlovchi roliga o‘tishi kerak".

Nashrning qayd etishicha, Esperning iste'fosidan so‘ng Donald Tramp ma'muriyati Afg‘onistondagi qo‘shinlarni zudlik bilan olib chiqib ketishni maqsad qilgan. 

Tramp avvalroq AQSh mudofaa vaziri Mark Esperni iste'foga chiqargan va terrorizmga qarshi milliy markaz rahbari Kristofer Millerni uning vazifasini bajaruvchi etib tayinlagandi. 

Top