19:29 / 14.11.2020
4515
Qirg‘iziston Rossiya bilan moliyaviy yordamni qayta tiklash bo‘yicha kelishib oldi

Qirg‘izistondagi tartibsizliklar va siyosiy inqiroz sababli Rossiya ushbu mamlakatga moliyaviy yordam berishni vaqtinchalik to‘xtatgandi.

Foto: ia-centr

Qirg‘iziston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Artyom Novikov va Rossiya prezidenti ma'muriyati rahbari o‘rinbosari Dmitriy Kozak Moskvadagi uchrashuvda Rossiya tomonidan Qirg‘izistonga moliyaviy yordam berilishini qayta tiklash masalasida kelishib oldi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, tomonlar ikki tomonlama va integratsion hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.

“Uchrashuv yakuniga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi tomonidan Qirg‘iziston Respublikasiga moliyaviy yordam berilishini bosqichma-bosqich tiklash bo‘yicha kelishib olindi", - deyiladi xabarda.

 Xabarda aytilishicha, muzokaralar davomida "Qirg‘iziston Respublikasidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning hozirgi va kelgusidagi holati muhokama qilindi".

 4 oktyabrda Qirg‘izistonda o‘tkazilgan parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan partiyalar vakillari norozilik namoyishlari uyushtirgandi. Namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketgach, MSK saylov natijalarini bekor qildi. Spiker Dostonbek Jumabekov, bosh vazir Kubatbek Boronov va prezident Sooronbay Jeenbekov iste'foga chiqdi. 

 Mamlakatdagi siyosiy inqirozdan so‘ng Rossiya Qirg‘izistonga moliyaviy yordam berishni to‘xtatdi.

Top