10:15 / 17.11.2020
1034
Amazon asoschisi atrof-muhit muhofazasiga deyarli 800 mln dollar ajratdi
Foto: AP

Amazon asoschisi va dunyoning eng badavlat odami Jyeff Bezos atrof-muhit muhofazasi uchun 791 mln dollar ajratdi. Bu haqda uning o‘zi Instagram’da ma'lum qildi.

Bezosning ta'kidlashicha, pullar joriy yilda tashkil etilgan “Bezosning Yer jamg‘armasi”dan ilk 16ta tashkilotga ajratilgan. “Bugun men “Bezosning Yer jamg‘armasi”dan birinchi grant oluvchilar - innovatsion, ambitsioz va jadal yechimlar ustida ish olib borayotgan 16ta tashkilot haqida e'lon qilishdan mamnunman”, deb yozgan milliarder.

Tadbirkorning ta'kidlashicha, bu mablag‘larning ajratilishi Yerning kelajagini himoya qiluvchi olimlar, faollar, nohukumat tashkilotlari moliyalashtirilishining boshlanishidir. Grant olgan tashkilotlar orasida Dunyo resurslari instituti, Jahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi (WWF), Iqlim va sof energiya sohasidagi adolat jamg‘armasi, ClimateWorks Foundation jamg‘armasi, o‘rmonlarni tiklash loyihalari Eden, Atrof-muhitni muhofaza qilish jamg‘armasi, Tabiiy resurslar muhofazasi bo‘yicha kengash, Qoyali tog‘lar instituti, Solk biologik tadqiqotlar instituti va boshqa tashkilotlar bor.

Bezos 2020 yil fevralida “Bezosning Yer jamg‘armasi” tashkil etilishini e'lon qilishi vaqtida jamg‘armaga 10 mlrd dollar ajratishini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, iqlim o‘zgarishi sayyoramiz uchun eng katta tahdid hisoblanadi. 

Iyulda Bezosning sobiq rafiqasi, milliarder bilan ajrashgandan keyin dunyodagi eng boy ayolga aylangan Makkenzi Skott xayriya tashkilotlariga 1,7 mlrd dollar ajratgani ma'lum qilingandi. Pullar 116ta tashkilot o‘rtasida taqsimlangan. Jumladan, 586 mln dollar irqiy tengsizlikka qarshi kurashga, 400 mln dollar iqtisodiy mobillikni ilgari suruvchi tashkilotlarga, 133 mln dollar gender tenglikni qo‘llab-quvvatlovchi notijorat tashkilotlariga ajratilgan.

Bezosning boyligi avgustda Amazon aksiyalari qimmatlashishi ortida birinchi marta 200 mlrd dollardan oshgandi. Forbes nashri ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda milliarderning boyligi 183 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.  

Top