20:26 / 18.11.2020
2044
AQShda mojaroli Boeing 737 Max samolyotlaridan foydalanishga ruxsat berildi 

AShning Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi (Federal Aviation Administration, FAA) Boeing kompaniyasiga mojaroli Boeing 737 Max samolyotlarini ekspluatatsiyaga qaytarishga ruxsat berdi. 

Foto: Drew Angerer / Getty Images

Ushbu turdagi samolyotlar ishtirokida yarim yil ichida ikkita aviahalokat yuz bergandan keyin 2019 yil mart oyida ulardan butun dunyoda foydalanish to‘xtatilgandi. 2018 yil oktyabrda Indoneziyaning Lion Air aviakompaniyasiga tegishli 737 Max halokatida 189 kishi, 2019 yil martda Ethiopian Airlines’ning ushbu turdagi samolyoti qulashi oqibatida 157 kishi halok bo‘lgandi.   

Shundan keyin FAA Boeing’dan halokatlarga sabab bo‘lgan muammoni hal qilish uchun 737 Max dasturiy ta'minoti va qurilmalariga tegishli o‘zgartirishlarni kiritishni hamda samolyotni tekshirish vaqtida aniqlangan boshqa nuqsonlarni bartaraf etishni talab qilgandi.

FAA ushbu turdagi samolyotlardan foydalanishga ruxsat bergandan keyin butun dunyo aviakompaniyalari ularda parvozlarni bajarishni qayta yo‘lga qo‘yishi mumkin.

Biroq ekspertlarning ta'kidlashicha, 737 Max samolyotlari foydalanishga sekin-asta qaytariladi va yaqin oylarda ular osmonga ko‘tarilmaydi. Boeing uchuvchilarni qo‘shimcha o‘qitishdan tashqari, uzoq vaqt parvozsiz turgan samolyotlaridagi nuqsonlarni bartaraf etishi va ularni foydalanishga tayyorlashi lozim bo‘ladi.

AQSh aviakompaniyalari ichida faqatgina bitta American Airlines yaqin oradagi parvozlari jadvaliga 737 Max’dagi reyslarni kiritgan. Bunday birinchi reys 29 dekabrda Mayami-Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladi. AQShning qolgan aviakompaniyalari esa samolyotlarni 2021 yil 1-choragida foydalanishga kiritishni rejalashtirmoqda. 

AQSh aviakompaniyalari parkida jami 72ta, qolgan davlatlar aviakompaniyalarida esa 315ta 737 Max bor. Boeing tomonidan ushbu turdagi samolyotlardan yana 450 dona ishlab chiqarilgan, biroq ular mijozlarga yetkazilmagan.

Top